11:38 / 23.10.2015
43459

Ravon avtomobillari narxi e'lon qilindi

8 oktabr kuni Moskvada GM Uzbekistan kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan yangi Ravon brendi avtomobillarining narxlari e'lon qilindi. Bu haqda «Carzone.uz» ma'lum qildi.

Ravon Nexia R3 modeli Chevrolet Aveo birinchi avlodining qiyofasi o‘zgartirilgan variantidir, yangi sedan xetchbekdan o‘zlashtirilgan old qismi bilan farq qiladi. Yangi Nexia’ning narxi 379 mingdan 529 ming rublgacha.

Mashina gabaritlari: uzunligi – 4330 mm, kengligi – 1690 mm, balandligi – 1505 mm, g‘ildiraklar bazasi – 2480 mm. Avtomobil boshlang‘ich komplektatsiyasida gidrokuchaytirgich va konditsioner yo‘q. Yukxonasi salondan ochiladi, tumanga qarshi faralari va orqa chirog‘i, 14 dyuymli g‘ildirak disklari bor. Optimum versiyasidan boshlab bitta o‘t oldirgich kaliti va eshiklar qulfi mavjud. Elegant komplektatsiyasida esa rul gidrokuchaytirgichi, yukxonani yorituvchi chiroqcha, yagona o‘t oldirish kaliti va eshiklar qulfi, konditsioner, Clarion CD/MP3 avtomagnitolasi, USB ulagich, 4 kolonka hamda bamper kuzov rangiga bo‘yalgan bo‘ladi.

100 km/s tezlikka erishishi uchun 11,9 soniya talab qilinadi, 100 kmga shahar ichkarisida yonilg‘i sarfi 7,7-8 l.

Jihozlanish darajasidan qat'i nazar yangi Neksiya Rossiya bozorida eng hammabop avtomobillardan biri bo‘lishi kutilmoqda.

Ravon boshqa avtomobillari narxini ham ma'lum qildi: Matiz 314 ming rubl va Gentra 439 ming rubl etib belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, GM Uzbekistan kompaniyasi 8 oktabr kuni Moskvada Uz-Daewoo o‘rniga kelgan yangi Ravon brendi taqdimotini o‘tkazgan edi.

Top