16:11 / 24.10.2015
9900

Parkentda IShID varaqasi tarqatgan o‘smir 9 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Sud mahkamalari Toshkent viloyatining Parkent tumanidagi kollej sobiq o‘quvchisi Firdavs Salimovni kollej hududida IShID varaqasi tarqatganlikda ayblab, hukm chiqardi.

O‘zbekiston telekanalida efirga uzatilgan ko‘rsatuvda ma'lum qilinishicha, 18 yoshli Salimov Parkentdagi transport va servis kolleji hududida hamda internet orqali o‘zining g‘arazli faoliyatini olib borgan.

"Uning otasi o‘g‘li kollejga kirganida, unga noutbuk sotib olib berar ekan, o‘g‘li internet orqali xorij tillarini o‘rganishini istagandi. Firdavs esa internetda terrorchi tashkilotlarning vakillari domiga tushib qoldi. Unga internetdagi "do‘stlari" doimiy ravishda ko‘rsatma va topshiriqlar berib turishgan", deydi O‘zbekiston Oliy sudi vakili.

Vakilning aytishicha, Firdavs Salimov ekstremistik saytlardagi qo‘llanmalar orqali varaqalar va IShID bayrog‘i tayyorlaydi. Keyin bir necha maktabdoshlari bilan tumandagi 29-o‘rta maktab, 18-raqamli maktabgacha ta'lim muassasasi hamda o‘zi o‘qiydigan kollej darvozalariga shunday varaqani yopishtirib chiqqan.

"U o‘z tengdoshlariga nimalarga qodirligi to‘g‘risida maqtanib, barcha qishloqdoshlarini larzaga solishni istashi haqida aytib yurgan. Sud uni 9 yilga ozodlikdan mahrum etish bo‘yicha hukm chiqardi. Bundan tashqari u keltirilgan ma'naviy va moddiy zararni qoplash uchun 9 mln 935 ming so‘m miqdorida jarimaga tortildi", deydi sud vakili.

Salimov o‘z qilmishlaridan qattiq pushaymondaligini, katta xatoga yo‘l qo‘yganini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, 2015 yilning 30 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi huquqni muhofaza qiluvchi idoralari tomonidan, Toshkent viloyati, Parkent tumani hududida joylashgan ta'lim muassasalari ma'muriyati nomiga tahdidli mazmundagi ma'lumotlarni tarqatganlikda gumonlanib mazkur tumanda yashovchi voyaga yetmagan fuqaro ushlangandi.

Top