19:09 / 24.10.2015
6214

Ro‘ziqul Berdiyevga xorij jamoasida ishlash taklifi tushgan

"Nasaf" futbol klubi sport direktori Vitaliy Ni jamoa ustozi Ro‘ziqul Berdiyevga xorij klublaridan takliflar tushayotganini aytib o‘tdi.

"Ro‘ziqul Berdiyevga xorijdan tushayotgan takliflarga kelsak, ha, u o‘zini murabbiy sifatida ko‘rsata olyapti. Doim uning boshchiligida "Nasaf" sovrinli o‘rinlar uchun kurashib kelmoqda. Bu yil Osiyo Chempionlar Ligasida qatnashib yomon o‘yin ko‘rsatganimiz yo‘q. Shunchaki, bizga omad kulib boqmadi.

Eronning "Traktorsozi" jamoasi murabbiyimizning xizmatlariga jiddiy qiziqib qolgan. Yodingizda bo‘lsa, biz guruh bosqichida aynan ushbu raqibga qarshi ikkita o‘yin o‘tkazib, ikkalasida ham g‘alaba qozonganmiz. Ushbu uchrashuvlarda Ro‘ziqul Berdiyev murabbiylik mahoratini ko‘rsata olgan va futbolchilar ham asosan uning ko‘rsatmalari asosida o‘yin namoyish qilgan. Tabiiyki, jamoamiz barchada iliq taassurot qoldirgan. Jamoamiz o‘yinida murabbiyining imzosi yaqqol ko‘rinib turibdi. Albatta, Berdiyevga xorijdan qiziqish bo‘layotgani quvonarli. Biroq u o‘zimizga ham kerak. Ro‘ziqul bilan hali qiladigan ishlarimiz ko‘p. Shuning uchun uni qo‘yib yuborish niyatida emasmiz", — deydi klub sport direktori.

Eslatib o‘tamiz, 17 oktabr kuni Ro‘ziqul Berdiyev murabbiyligidagi "Nasaf" O‘zbekiston Kubogi uchun "Bunyodkor" jamoasiga qarshi final bahsida g‘alaba qozonib, o‘z tarixida ilk marta O‘zbekiston Kubogi sovrinini qo‘lga kiritgandi.

Top