12:29 / 25.10.2015
2793

Volkswagen dvigatellarining bosh muhandisi o‘z lavozimidan ketdi

Volkswagen avtomobilsozlik konsernining top-menjyerlaridan biri Xanno Yyelden chiqindi gazlar ko‘rsatkichlari bilan bog‘liq firibgarlik mojarosidan keyin o‘z lavozimini tark etgan yana bir yuqori lavozimli xodim bo‘ldi. Bu haqda Bild am Sonntag nashri ma'lum qildi.

Xanno Yyelden kompaniyada dvigatellar yaratish departamenti rahbari bo‘lib ishlagan. Braunshveyg shahri prokuraturasi uning kompaniyadagi faoliyatini firibgarlik ehtimoliga tekshirmoqda.

Kompaniya ichidagi tergovning ko‘rsatishicha, Yyelden zararli chiqindilar ko‘rsatkichlarini pasaytirib ko‘rsatishga imkon beruvchi dasturiy ta'minotning o‘rnatilishiga bevosita aloqador bo‘lgan.

Volkswagen atrofidagi mojaro AQSh Atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi sentabrda konsernni dizel dvigatelli avtomobillarga AQShdagi qat'iy ekologik talablarni chetlab o‘tishga imkon beruvchi dasturiy ta'minotni o‘rnatganini fosh qilgandan keyin avj olib ketdi. Dastur dvigatel sinov stendida tekshirilganda maksimal darajadagi ekologik ish rejimini ishga tushirgan va oddiy holatlarda uni o‘chirib qo‘ygan. Dastur sinov paytida atrof-muhitga chiqariladigan zararli chiqindilar miqdorini o‘nlab marta kamroq ko‘rsatishga imkon bergan.

Ushbu voqea shov-shuvga aylanib ketib, kompaniya rahbari Martin Vinterkornning iste'foga chiqishiga olib kelgan. AQSh hukumati kompaniyaga 2009-2015 yillarda mamlakatda sotilgan Volkswagen va Audi rusumidagi deyarli 500 mingta avtomobilni ortga chaqirtirib olish majburiyatini qo‘ygan va kompaniyaga 18 mlrd dollarlik jarima solish bilan tahdid qilgan. Germaniya hukumati ham kompaniyaga shu kabi talablarni va 2,4 mln ta mashinani ortga qaytarib olish majburiyatini qo‘ygan.

Top