07:38 / 26.10.2015
4616

Bill Geyts va boshqa investorlar sun'iy go‘sht va pishloq ishlab chiqarish uchun 108 mln dollar sarmoya ajratishdi

Microsoft kompaniyasining asoschilaridan biri, dunyoning eng badavlat insoni Bill Geyts, Viking Global Investors, Horizons Ventures kompaniyalari va boshqa investorlar Impossible Foods kompaniyasining sun'iy go‘sht va pishloq ishlab chiqarish loyihasiga 108 mln dollar sarmoya ajratishdi.

Impossible Foods kompaniyasi o‘simliklar negizida yangi avloddagi sun'iy go‘sht va pishloqlarni yaratish bilan shug‘ullanadi.

“Biz go‘sht, pishloq iste'mol qilishni xush ko‘ramiz. Minglab yillar davomida biz ularni olishda jonzotlarga tayanganmiz. Impossible Foods eng yaxshi yo‘lni topdi. Biz siz qachondir iste'mol qilgan eng yaxshi go‘sht va pishloqlarni yaratish uchun o‘simliklardan foydalanamiz”, deb qarshilaydi foydalanuvchilarni Stenford universitetining sobiq biokimyo professori Patrik Braun tomonidan yaratilgan kompaniya sayti.

Kompaniya 4 yildan beri faqatgina o‘simlik komponentlaridan yaratiladigan sun'iy go‘sht va pishloqlar ustida ish olib bormoqda.    

Kompaniyaning ushbu loyihasi nafaqat mazali, balki xolesterol, gormon va antibiotiklardan xoli bo‘lgan foydali yegulik yaratishga imkon beradi. Biroq eng muhimi, bunday yegulikka sayyoramizning kelajagi bog‘liq bo‘lishi mumkin.   

Kompaniya go‘sht va sut mahsulotlari yaratish uchun ko‘katlar, urug‘lar va boshoqli o‘simliklardan protein va biologik elementlarni tanlab olish uchun hayvonlardan olinadigan mahsulotlarni molekulyar darajada o‘rganadi.   

Bill Geyts kabi investorlar sayyoramiz bunday katta darajadagi chorvachilik ishlab chiqarilishini uzoq vaqt ko‘tara olmasligini tushunmoqdalar. Insonlarning go‘sht, sutli mahsulotlar va tuxumlarga bo‘lgan bog‘liqligi muammosi borgan sari avj olib boradi. 

BMT yirik fermerlik xo‘jaliklari butun sayyoradagi avtomobilsozlik korxonalari atrof-muhitga chiqarayotgan issiqxona gazlaridan ko‘proq miqdorda gaz chiqarishi haqidagi hisobotlarni bir necha yillardan beri chop etib kelmoqda.

Oziq-ovqatlar va qayta ishlangan yerlarning nooqilona ishlatilishi, kislotali yomg‘irlar, qurib borayotgan dengizlar, o‘rmonlarning chopilishi, tuproqning kuchsizlanishi, bir so‘z bilan aytganda chorvachilik sayyoramizga ulkan ziyon keltirmoqda, deb aytmoqdalar mutaxassislar.

Top