19:44 / 26.10.2015
15817

OAV: Afg‘oniston va Pokistonda yuz bergan zilzila qurbonlari soni 150 nafardan ortib ketdi

26 oktabrda Toshkent vaqti bilan soat 14:19da (Afg‘oniston vaqti bilan soat 13:39 da) Afg‘oniston va Pokistonda yuz bergan zilzila qurbonlari soni 154 nafarga yetdi. 

Bu haqda Pokistonda chop etiladigan Dawn gazetasining elektron versiyasi ma'lum qildi.

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, tabiiy ofat Afg‘onistonda 24 kishi, Pokistonda esa 130 kishining umriga zomin bo‘lgan. Jabrlanganlar soni mingdan ko‘proqni tashkil qilmoqda.

Yevropa-O‘rta Yer dengizi seysmologiya markazining ma'lum qilishicha, zilzila markazi Afg‘oniston poytaxtidan shimoli-sharqiy tomonga 259 km uzoqlikda Hindukush tog‘larida, o‘chog‘i 190 km chuqurlikda bo‘lgan.

Zilzila Janubiy va Markaziy Osiyo, jumladan O‘zbekiston, Tojikiston va Hindistonda sezilgan.

Pokiston bosh vaziri Navoz Sharif barcha tezkor xizmatlarga zilzila oqibatlarini bartaraf etish uchun barcha kuchlarni safarbar qilishni buyurdi. Zilziladan jabrlangan hududlarga aholiga yordam ko‘rsatish uchun harbiylar yuborilgan.

Afg‘oniston bosh vaziri Abdulloh Abdulloh mamlakatning barcha aholisini qayta zilzilalar yuz berishi mumkinligi tufayli ehtiyot choralarini ko‘rishga chaqirdi. “Bu oxirgi yillarda yuz bergan eng kuchli zilzila bo‘ldi. Biz jabrlanganlarga maksimal darajada qulaylik yaratish uchun barcha imkoni bor narsani qilmoqdamiz. Biz insonparvarlik tashkilotlariga jabrlanganlarga yordam berish maqsadida murojaat qildik”, deb aytdi Abdulloh.

Top