11:46 / 26.10.2015
10255

OTM professor-o‘qituvchilar tarkibining ishlar hajmini hisoblashning yangi vaqt me'yorlari tasdiqlandi

2015 yil 9 sentabr kuni Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirining “Oliy ta'lim muassasasi professor-o‘qituvchilar tarkibining o‘quv, ilmiy-metodik, ilmiy-tadqiqot, tashkiliy-metodik, ma'naviy-axloqiy va tarbiyaviy ishlar yuklamasini aniqlash qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyrug‘i imzolangan edi.

Unga ko‘ra, Oliy ta'lim muassasasi professor-o‘qituvchilar tarkibining o‘quv, ilmiy-metodik, ilmiy-tadqiqot, tashkiliy-metodik, ma'naviy-axloqiy va tarbiyaviy ishlar yuklamasini aniqlash qoidalari va vaqt me'yorlari tasdiqlandi. Bu haqda huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev o‘zining blogida batafsil ma'lumot berdi.
Ushbu hujjatning amal qilishi oliy harbiy ta'lim muassasalari hamda O‘zbekiston Respublikasi hududida o‘z faoliyatini yuritayotgan xalqaro va xorijiy oliy ta'lim muassasalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Professor-o‘qituvchilar tarkibi mehnatini normalashtirish har yili kelgusi o‘quv yili uchun tuziladigan va belgilangan tartibda tasdiqlanadigan shaxsiy ish rejalariga asoslanadi.
Yillik shaxsiy ish reja 1540 soat miqdoridagi ish vaqtining jamlangan hisobidan kelib chiqadi.
Qoidalarga ko‘ra, ish turlari bo‘yicha hisoblangan soatlar hajmi oliy ta'lim muassasasining shtat birliklari sonini hamda professor-o‘qituvchilar tarkibining oylik maoshlarini belgilash uchun asos bo‘lmaydi.

Kafedra professor-o‘qituvchilari o‘rtasida ishlarni normalashtirish bo‘yicha tavsiya etiladigan taqsimot:
o‘quv ishlari — 50% — 70%;
ilmiy-metodik ishlari — 5% — 10%;
ilmiy-tadqiqot ishlari — 15% — 20%;
tashkiliy-metodik ishlar — 5% — 10%;
ma'naviy-axloqiy va tarbiyaviy ishlar — 10% — 15%.
Ma'ruza mashg‘ulotlari professor, dotsent, katta o‘qituvchi va ilmiy darajaga ega bo‘lgan assistent (o‘qituvchi)lar tomonidan o‘tkaziladi. Zarur hollarda (ma'ruza mashg‘ulotlari hajmi ko‘p bo‘lganda, professor, dotsent va katta o‘qituvchilar yetarli bo‘lmaganda va shu kabi boshqa hollarda) kamida 3 yillik ilmiy-pedagogik (ilmiy) ish stajiga ega assistent yoki o‘qituvchilarga bir o‘quv yilida 100 soatgacha bo‘lgan hajmda ma'ruza mashg‘ulotlarini o‘tishga oliy ta'lim muassasasi kengashining qaroriga asosan ruxsat beriladi.

Toshkent davlat yuridik universitetida assistent yoki o‘qituvchilarga, ularning ilmiy-pedagogik (ilmiy) ish staji muddatidan qat'i nazar, bir o‘quv yilida 250 soatgacha bo‘lgan hajmda ma'ruza mashg‘ulotlarini o‘tishga mazkur ta'lim muassasasi kengashining qaroriga asosan ruxsat beriladi.
Professor-o‘qituvchilarning o‘quv (ma'ruza, amaliy, seminar va laboratoriya) soatlari hajmi 400 soatdan kam bo‘lmasligi tavsiya etiladi.
Oliy ta'lim muassasasi professor-o‘qituvchilar tarkibining o‘quv, ilmiy-metodik, ilmiy-tadqiqot, tashkiliy-metodik, ma'naviy-axloqiy va tarbiyaviy ishlar hajmini hisoblashning vaqt me'yorlari bilan quyidagi hujjat orqali to‘liq tanishishingiz mumkin.

Top