17:43 / 26.10.2015
5916

O‘zbekistonda shakar ishlab chiqarish hajmi 1,5 martaga oshdi

2015 yilning dastlabki 9 oyi davomida oziq-ovqat sanoatida ishlab chiqarish hajmi 10,114 trln so‘mni, o‘sish sur'ati o‘tgan yilga nisbatan 116,7 foizni tashkil etdi.

Davlat statistika qo‘mitasi axborot xizmati hisobotida yozilishicha, tarmoqning respublika sanoat ishlab chiqarish umumiy hajmidagi ulushi 16,3 foizga yetgan. 2014 yilda bu ko‘rsatkich 15,1 foizni tashkil qilgandi.

Hisobot davrida, o‘tgan yilga nisbatan, shakar sanoati korxonalari tomonidan mahsulot ishlab chiqarish hajmi – 1,5 martaga, baliqchilik sanoatida – 14,0 foizga, go‘sht-sut sanoatida – 12,5 foizga, meva-sabzavot sanoatida – 4,2 flizga, likyor va aroq mahsulotlari sanoatida – 4,0 foizga, vinosozlik sanoatida – 3,3 foizga, yog‘-moy sanoatida – 1,2 foizga oshdi.

2014 yilning yanvar-sentabr oylariga nisbatan, tarmoqdagi yirik sanoat korxonalari tomonidan iste'mol mollarining quyidagi turlari bo‘yicha ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari o‘tgan yilga nisbatan oshdi, jumladan go‘sht konservalari – 6,4 martaga, go‘sht va o‘simlik konservalari – 1,6 martaga, bolalar ovqatlanishi uchun quruq sut aralashmalari – 1,6 martaga, shinni (melassa) – 1,6 martaga, shakar – 41,3 foizga, choy – 35,6 foizga, margarin va spredlar – 47,2 foizga, sariyog‘ – 11,4 foizga, yangi so‘yilgan va sovutilgan go‘sht – 8,5 foizga, ishlov berilgan suyuq sut – 11,0 foizga, bug‘doy noni – 9,2 foizga, uzoq saqlanmaydigan boshqa non mahsulotlari – 14,9 foizga, shinni, marmelad – 2,2 martaga oshgan.

Shuningdek, o‘tgan yilga nisbatan, pivo (104,6 foiz), desert uzum vinolari (109,4 foiz), spirt nastoykalari (113,1 foiz) ishlab chiqarish hajmi ham oshdi.

Hududlar kesimida oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmining asosiy qismi Toshkent shahri (tarmoqning umumiy hajmidagi ulushi 24,3 foiz), Toshkent (20,8 foiz) va Samarqand (13,3 foiz) viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Xususiy tadbirkorlik korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulot hajmi 2014 yilning 9 oyidagiga nisbatan 13,2 foizga o‘sdi. Natijada ularning jami tarmoqdagi ulushi 63,2 foizni tashkil etdi.

Ma'lumot o‘rnida ta'kidlab o‘tish joiz, shu yilning 9 oyi davomida respublikada 1135ta oziq-ovqat sanoati korxonalari tashkil qilingan bo‘lib, hozirgi vaqtda respublikada tarmoqning 8424ta korxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Top