19:04 / 27.10.2015
3475

Braun: WBA menga Chagayev bilan jang qilish uchun ruxsat berishini intizorlik bilan kutmoqdaman

Boks bo‘yicha o‘ta og‘ir vazn toifasining WBA (regular) chempionlik kamari uchun rasmiy birinchi raqamli da'vogar bo‘lgan avstraliyalik Lukas Braun (23-0, 20 KO) mazkur kamar sohibi o‘zbekistonlik Ruslan Chagayevdan (34-2-1, 21 KO) taklif tushishini kutib turganini ma'lum qilgan.

Fightnews nashrining yozishicha, Braun Ruslanga qarshi o‘tkaziladigan jangni intizorlik bilan kutmoqda va buni amalga oshishi uchun har qanday vaqtda, yer sayyorasining har qanday joyida bo‘lishga tayyor ekanini ma'lum qilgan.

«Menda Chagayevga qarshi bo‘lib o‘tadigan jangni kutaverish uchun sabrim tugamoqda. Men shunchaki o‘tiribman va mazkur jang bo‘yicha biror yangilik aytishlari uchun telefon qo‘ng‘irog‘ini kutmoqdaman. Odamlar har doim ushbu jang qachon va qayerda bo‘lishini mendan so‘rashadi. Biz WBA tomonidan bunga ruxsat berilishini kutmoqdamiz. To‘g‘risini aytsam, menga jang Avstraliyada bo‘ladimi, Buyuk Britaniyadami farqi yo‘q. Men ko‘proq jang o‘tkazgan arenada bo‘lsa ajoyib bo‘lardi», — deya gapirib o‘tgan Braun.

Eslatib o‘tamiz, Chagayev joriy yilning 17 oktabr kuni Germaniyada puerto-rikalik Fres Okendo (37-8, 24 KO) bilan ringga chiqishi kerak edi. Biroq Okendo jarohat bois so‘nggi pallada mazkur jangga rad javobini bergandi.

Top