20:03 / 27.10.2015
4687

Hakamning o‘limiga sabab bo‘lgan gollandiyalik 4 nafar yosh futbolchi futboldan umrbod chetlatildi

Qanot hakamining o‘limiga sabab bo‘lgan besh nafar gollandiyalik yosh futbolchilar ishi bo‘yicha Gollandiya futbol Federatsiyasi tartib-intizom qo‘mitasi chiqargan qaror ma'lum bo‘ldi. Bu haqda NOS nashri xabar tarqatmoqda.

Qarorga ko‘ra, to‘rt nafar futbolchi umrbod Gollandiya futbol Federatsiyasi tomonidan o‘tkaziladigan musobaqalarda ishtirok etishdan chetlatildi. Yana bir o‘yinchi esa 5 yillik diskvalifikatsiya bilan jazolandi. Futbolchilar mazkur qaror yuzasidan apellyatsiya berishlari mumkin.

41 yoshli hakam Rixard Nivenxeyzen 2012 yilning dekabrida «Niv Sloten» va «Beytenboy» havaskor jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvdan so‘ng 15-16 yoshli bir necha futbolchilar tomonidan kaltaklangan va voqeadan bir kun o‘tib, hayotdan ko‘z yumgandi.

Joriy yilning aprel oyida mazkur jinoiy ish yuzasidan sud jarayoni yakuniga yetgan, shu sababli tartib-intizom qo‘mitasi o‘z qarorini endi ma'lum qildi.

Hakamning o‘limiga sabab bo‘lgan barcha futbolchilar turli muddatlarga qamoq jazosi tayinlandi. Mushtlashuvda ishtirok etgan futbolchilardan birining otasi esa 6 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

Top