07:26 / 28.10.2015
5143

Isroillik arab paraplanda IShID jangarilari yoniga uchib ketdi

23 yoshli Isroilda yashovchi arab millatiga mansub yigit Nida Saloh Suriyadagi “Shahodat al-Yarmuk” terrorchilik guruhi tomonidan bosib olingan hududga  paraplanda uchib ketdi. The Telegraph nashrining xabar berishicha, yigit Isroil armiyasi nazoratida bo‘lgan Golan tepaliklari ustidan uchib o‘tgan. “Shahodat al-Yarmuk” IShID tarkibiga kiradi. 

“Biz uni u yerda kimdir kutib turganmi-yo‘qmi bilmaymiz, biroq kimdir paraplanda uchiladigan tomondan boshqa tomonga uchsa, unda u buni bilib turib qilgan, deb hisoblaymiz”, deb jurnalistlarga aytdi Isroil armiyasi TsAXAL vakili Moti Almoz. Almozning ta'kidlashicha, harbiylar ma'lumotlariga ko‘ra, Saloh 25 oktabrda parvozga otlangan.   

CNN’ning ma'lum qilishicha, dastlab harbiylar yigitni qutqarish bo‘yicha katta ko‘lamdagi operatsiyani tashkil qilishgan, biroq yigit o‘z xohishi bilan chegarani kesib o‘tgan degan xulosaga kelishgan.

Isroil bosh vaziri yuz bergan holatga o‘z munosabatini bildirdi va Salohni fuqarolikdan mahrum qilishga va'da berdi. “Biz qolgan bunday holatlarda ham shunday yo‘l tutamiz. Dushmanga qo‘shilib, Isroilga qarshi urushadigan Isroilning istalgan fuqarosi o‘z fuqaroligidan ayriladi”, deb aytdi Binyamin Netanyaxu. 

Top