09:54 / 28.10.2015
7559

O‘zbekiston Doing Business reytingida 16 pog‘onaga ko‘tarildi

O‘zbekiston Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining yangi “Biznes yuritish 2016” (Doing Business) reytingida 2014 yildagi 103-o‘rindan 2015 yilda 87-o‘ringa, ya'ni 16 pog‘onaga ko‘tarildi.

Qayd etish joizki, O‘zbekiston “Biznes yuritish 2015” reytingida 141-o‘rinni egallayotgan edi, biroq reyting metodologiyasi yangilangani uchun 103-o‘ringa ko‘tarilgan.

“Biznes yuritish 2016: tartibga solish sifatiga va samaradorligiga baho” hisobotida o‘tgan bir yil ichida 85 ta rivojlanayotgan davlat umumiy hisobda biznesni tartibga solish sohasida 169 ta islohot o‘tkazgani qayd etilgan. 2014 yilda 154 ta islohot o‘tkazilgan edi. Bundan tashqari, yuqori daromadga ega davlatlar 62 ta islohot o‘tkazganlar, buning natijasida o‘tgan yil ichida o‘tkazilgan islohotlar soni 122 ta davlat bo‘yicha 231 tani tashkil qildi.

O‘tgan yil ichida yangi islohotlarning aksariyat qismi tartibga solishni soddalashtirish va narxlarni kamaytirish orqali tartibga solish samaradorligini oshirishga qaratildi. Bunda eng ko‘p sondagi islohotlar “korxonalarni ryo‘xatdan o‘tkazish” ko‘rsatkichi bo‘yicha o‘tkazilgan. Bu ko‘rsatkichda biznesni ochish uchun ruxsat olishga talab qilinadigan vaqt hamda bu bilan bog‘liq xarajatlar o‘lchanadi. Umuman, 45 ta davlat, shu jumladan 33 ta rivojlanayotgan davlat tadbirkorlar uchun biznesni ochishni soddalashtirish borasida islohotlar o‘tkazgan. Misol uchun, Hindiston ustav kapitalining miqdoriga talablarni soddalashtirish va biznes-operatsiyaga sertifikatni bekor qilish hisobiga sezilarli yaxshilanishga erishdi va shu tariqa tadbirkorlarni kerak bo‘lmagan jarayondan ozod qildi va ro‘yxatdan o‘tkazish uchun kutish vaqtini 5 kunga qisqartirdi.

Ushbu reytingda, shuningdek, Qozog‘iston 41-o‘rinni, Rossiya 51-o‘rinni, Qirg‘iziston 67-o‘rinni, Ukraina 83-o‘rinni, Tojikiston 132-o‘rinni egalladi.

Hisobotga ko‘ra, O‘zbekiston reytingdagi o‘z mavqeini biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish (42-o‘rin, 22 ta pog‘ona ko‘tarilgan), xususiy mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish (87-o‘rin, +26 pog‘ona), kredit olish (42-o‘rin, +63 pog‘ona) va soliqqa tortish (115-o‘rin, +2 pog‘ona) kabi mezonlar bo‘yicha yaxshilab oldi.

Shu bilan birga quyidagi mezonlar bo‘yicha pasayish kuzatildi: qurilishga ruxsat olish (151-o‘rin, -2 pog‘ona), elektr ta'minotiga ulanish (112-o‘rin, -4 pog‘ona), minoritar investorlarni himoya qilish (81-o‘rin, -1 pog‘ona) va xalqaro savdo (159-o‘rin, -1 pog‘ona).

O‘zbekiston shartnomalar bajarilishini ta'minlash (32-o‘rin) va to‘lovni amalga oshira olmaslikka ruxsat (75-o‘rin) kabi mezonlar bo‘yicha o‘z o‘rnini saqlab qoldi.

Hisobotdagi ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda korxonalarni ro‘yxatga olish uchun 5 ta jarayonni amalga oshirish kerak. bu ko‘rsatkich Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan (4,7) va Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotiga kiruvchi davlatlarnikidan (4,7) baland. O‘zbekistonda yangi korxonani ro‘yxatga olish muddati 6,5 kunni tashkil qiladi (YeMA mintaqasida – 10 kun, IHTTda – 8,3 kun).


Reytingda Singapur o‘z yetakchiligini saqlab qoldi. Tadbirkorlik faoliyati yuritishga eng maqbul sharoitlarga ega davlatlar yuqori o‘ntaligida Singapurdan keyingi o‘rinlarni Yangi Zelandiya (2-o‘rin), Daniya (3); Janubiy Koreya (4); Gonkong (5); Buyuk Britaniya (6); AQSh (7); Shvetsiya (8); Norvegiya (9) va Finlyandiya (10) egallamoqda.

Top