23:29 / 28.10.2015
5313

Rossiya IIV: Domodedovoda odam o‘g‘irlagan ikki o‘zbek va ikki tojik qo‘lga olindi

Moskva viloyati jinoyat qidiruv xodimlari Moskva viloyatining Domodedovo tumanida bir erkakni o‘g‘irlab ketib, undan pul talab qilganlikda gumon qilib 4 nafar xorijlikni – 2 nafar Tojikiston va 2 nafar O‘zbekiston fuqarosini qo‘lga oldi, deb xabar bermoqda Moskva viloyati ichki ishlar bo‘limi.

Huquq-tartibot muassasalari ma'lumotlariga ko‘ra, erkak u olib ketilayotgan avtomobil yo‘lda bir ozga to‘xtab turganda qochib ketishga muvaffaq bo‘lgan.

“Navbatchi qismga moskvalik 36 yoshli erkak kishi murojaat qilib, savdo markazi oldidagi avtoturargohda o‘ldirilishi tahdidi ostida Nissan Teana mashinasiga o‘tkazilib, noma'lum yo‘nalishda olib ketilganini aytgan. Jinoyatchilar undan 250 ming rubl talab qilishgan. Bir necha soatdan keyin Kashira shossesining 23 kilometrida erkak avtomobildan chiqib, qochib ketishga muvaffaq bo‘lgan”, deyilmoqda ichki ishlar bo‘limida.

Erkak AYoQShda yashiringan va politsiyaga qo‘ng‘iroq qilgan. Erkak avtomobil ko‘rinishi va jinoyatchilarning o‘zaro suhbati davomida eslab qolgan ma'lumotlari asosida politsiyachilar jinoyatchilarga chiqishgan. Gumonlanuvchilarning barchasi 20-25 yosh atrofida bo‘lib, Rossiyada ro‘yxatdan o‘tmagan holda yashagan.

Ushbu holat yuzasidan Rossiya Jinoyat kodeksining “Tovlamachilik” moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Bu jinoyat uchun 15 yillik qamoq jazosi ko‘zda tutilgan. Barcha gumonlanuvchilar qo‘lga olingan va ularning tergov vaqtida hibsda ushlab turilishi masalasi hal qilinmoqda.

Top