22:23 / 28.10.2015
3976

Uchinchi chorak: Surxondaryo viloyati korxonalari 98,1 mln dollar qiymatidagi mahsulot eksport qildi

Surxondaryo viloyatida 2015 yilning 9 oyida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015 yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim yo‘nalishlari hamda ustuvor vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishi o‘tkazildi.

Viloyat hokimi T.Mamaraimov boshqargan yig‘ilishda mahalliy Kengashlar deputatlari, boshqarma va idoralar, tijorat banklari, jamoat tashkilotlari, yirik sanoat korxonalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari rahbarlari ishtirok etdi.

Ma'lum qilinishicha, 2015 yilning 9 oyi davomida viloyatda 82 milliard uch yuz million so‘m va 250 ming dollar qiymatidagi mablag‘ evaziga ishga tushirilgan sanoat korxonalarida qirqqa yaqin yangi turdagi mahsulot ishlab chiqarish o‘zlashtirilgan. To‘rt ming ikki yuzga yaqin ish o‘rni yaratildi, 28 milliard so‘mlikdan ortiq mahsulot ishlab chiqarildi.

Hisobot davrida viloyat iqtisodiyotida barqaror o‘sish sur'atlari ta'minlandi, yalpi hududiy mahsulot hajmi 4 trillion 927 milliard 740 million so‘mdan ziyodni tashkil etdi. Sanoat mahsulotlari 18,7, iste'mol tovarlari 13,6, qurilish pudrat ishlari 13,9, xizmatlar hajmi 18,8, chakana savdo aylanmasi 18,4 foizga o‘sdi. Bandlik dasturi doirasida 53 ming 252 yangi ish o‘rni yaratildi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning voha iqtisodiyoti taraqqiyotidagi rolini yanada oshirish, mavjud to‘siq va g‘ovlarga chek qo‘yish, ishbilarmonlik muhitini tubdan yaxshilash, ularning erkin faoliyat yuritishi uchun zarur sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar samarasida 1000 dan ortiq kichik biznes sub'yekti tashkil etildi. Sohani moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun 448,8 milliard so‘m kredit mablag‘i ajratilib, xususiy sektor tomonidan 391,9 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi. 791,2 milliard so‘mlik qurilish ishlari bajarildi. 439,5 milliard so‘mlik pullik xizmatlar ko‘rsatildi. Viloyat yalpi hududiy mahsulotida kichik biznesning ulushi 79,1 foizni, xizmatlardagi ulushi 43,2 foizni tashkil etdi.

Viloyat korxonalari tomonidan 98,1 million dollar qiymatidagi mahsulot eksport qilindi.

Top