22:12 / 29.10.2015
5611

“Yilning eng yaxshi maktab direktori” ko‘rik-tanlovining yakuniy bosqichi o‘tkazildi

Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi tomonidan “Yilning eng yaxshi maktab direktori” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichi o‘tkazildi. Unda tanlovning hududiy bosqichlarida g‘olib bo‘lgan yigirma sakkiz maktab direktori o‘zaro bahslashdi.

«Mahoratli boshqaruv – ta'lim samaradorligi omili» shiori ostida tashkil etilgan mazkur an'anaviy ko‘rik-tanlovning quyi bosqichlarida yetti yuzga yaqin umumta'lim maktabi direktori faol qatnashdi. Keyingi bosqichga yo‘llanma olgan oltmishga yaqin ishtirokchining «Kelajak maktabi» konsepsiyasi atroflicha o‘rganilib, mamlakat bosqichiga ishtirokchilar tanlab olindi. Bunda ularning tashabbuskorligi, ijodkorligi va mahoratiga alohida e'tibor qaratildi.

Pedagoglar, mutaxassislar tomonidan dars jarayonini kuzatib tahlil etish, pedagogik kengashga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish tartibini belgilash, «Kelajak maktabi» konsepsiyasi taqdimot shartlariga ko‘ra baholab borildi.

"Ta'lim-tarbiya berish, o‘z sinfidagi o‘quvchilar kelajagi uchun javobgarlik o‘qituvchidan kuchli bilim va mas'uliyatni talab etsa, rahbar xodimning zimmasidagi vazifa undan-da yuksak bo‘ladi. Bu mutaxassisdan katta mahoratni, ishga chuqur ijodiy, ilmiy yondashuvni, o‘quvchilar va pedagoglar jamoasining ruhiy holatini yaxshi bilishni, o‘rni kelganda qat'iy choralar ko‘rishni talab etadi. Mazkur tanlov bizning bu boradagi bilim va tajribamizni sinovdan o‘tkazdi", – deydi Andijon viloyatining Asaka tumanidagi 43-umumta'lim maktabi direktori Gullola G‘afforova.

G‘olib va sovrindorlar Xalq ta'limi vazirligi tomonidan munosib rag‘batlantirildi.

Top