06:39 / 29.10.2015
9506

IShIDga qo‘shilmoqchi bo‘lgan talaba Karaulova o‘z aybiga iqror bo‘ldi

Terrorchilik tashkilotiga qo‘shilishga urinishda gumon qilinayotgan Moskva davlat universiteti talabasi Varvara Karaulova o‘z aybiga iqror bo‘ldi, deb xabar berdi vaziyatdan boxabar bo‘lgan manba “Interfaks” nashriga.

“So‘roq qilish davomida Varvara Karaulova aybini tan oldi va hozirda ko‘rsatma bermoqda”, deb xabar berdi agentlik suhbatdoshi.

Manbaning ta'kidlashicha, talaba tergov ishlariga ko‘mak bermoqda. Karaulovaning hibsga olinishiga u Turkiyadan qaytganidan keyin ham o‘zini yollagan odamlar bilan aloqani davom ettirgani sabab bo‘lgan.

Avvalroq ma'lum qilingandek, Moskvaning Lefortovo tuman sudi oldini olish chorasi sifatida Karaulovani hibsga olishga ruxsat bergan. Sud matbuot kotibi Yuliya Skotnikovaning aytishicha, qiz o‘z ismi va familiyasini o‘zgartirgan. Sud hujjatlarida qiz Ivanova Aleksandra Pavlovna ismi-familiyasi bilan qayd qilingan.  

O‘z navbatida huquq-tartibot muassasalaridagi manba Karaulovani yollaganlikda gumon qilinayotgan shaxs qidiruvga berilganini ma'lum qildi. Bu Penza viloyatida yashagan Ilyos Bikmayev ismli shaxs bo‘lgan. 

Avvalroq IShID safiga qo‘shilmoqchi bo‘lgan MDUning falsafa fakulteti talabasi Varvara Karaulova iyun oyida Turkiyada Suriya chegarasini kesib o‘tmoqchi bo‘lganda Interpol hamda turk maxsus xizmatlari sa'y-harakatlari bilan qo‘lga olingani ma'lum qilingandi. Qiz 2015 yilning 27 mayida o‘qishga chiqib ketib, yo‘qolib qolgan. Qiz advokatining aytishicha, u radikal islom g‘oyalariga berilib ketgan.

Top