18:09 / 29.10.2015
2645

O‘zbekistonlik taekvondochilar Qozog‘istondagi turnirda 15ta medal olishdi

Taekvondo (WTF) bo‘yicha O‘zbekiston kattalar va yoshlar terma jamoalari a'zolari Qozog‘iston ochiq chempionatida yettita oltin, to‘rttadan kumush va bronza medalni qo‘lga kiritdi.

Vazni 80 kilogrammgacha bo‘lgan taekvondochilar o‘rtasida Maksim Rafalovich qozog‘istonlik Tilegen Darbayev, Rahim Odilxonov, tojikistonlik Farhod Ne'matov va meksikalik Rene Lizarragani yengib, oltin medal bilan taqdirlandi.

87 kilogrammgacha og‘irlikdagi sportchilar o‘rtasida Jasur Boyqo‘ziyev qozog‘istonlik Ismoil Duyseboy va eronlik Homid Homidiyni mag‘lubiyatga uchratib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.

Jahon chempioni Dmitriy Shokin 87 kilogrammdan og‘ir vazndagi sportchilar o‘rtasida tengsiz ekanini yana bir bor isbotladi. U qozog‘istonlik Ilya Maryushkin, tojikistonlik Alisher Gulov va janubiy koreyalik Dong Min Cha ustidan g‘alaba qozonib, oltin medalga sazovor bo‘ldi.

O‘zbekistonlik sportchilar oltin medal bilan birga 2016 yili Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o‘tkaziladigan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasi uchun beriladigan navbatdagi 10 reyting ochkosiga ham ega bo‘ldi.

O‘zbekiston vakillaridan Nikita Rafalovich va Bahrom Abdullayev ikkinchi, Temur O‘rolov uchinchi o‘rinni egalladi.

Top