09:48 / 29.10.2015
7856

Samarqandliklar: Nomigagina berilayotgan gaz bosimiga na suv qaynaydi, na ovqat pishadi

Samarqandning “Zarafshon” gazetasi saytida “Kommunal xizmatdagi uzilishlar” nomli maqola e'lon qilindi.

Unda yozilishicha, oktabr oyining ikkinchi o‘n kunligi ancha sovuq kelgani bois, tahririyatga kommunal xizmatlar bilan bog‘liq shikoyat xatlari yoki bevosita murojaatlar kela boshlagan.Ularning aksariyati bugun viloyatdagi xonadonlarda tabiiy gaz, elektr energiyasi, ichimlik suv ta'minotida uzilishlar sodir bo‘layotgani haqidadir.

“To‘g‘ri, har yili Prezidentimiz hamda hukumatimiz tomonidan mamlakatimiz iqtisodiy tarmoqlari va ijtimoiy soha obektlarini kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash, mavsum davomida aholi xonadonlarini sifatli kommunal xizmatlar bilan ta'minlashning muhim choralari ko‘riladi. Ammo ta'minot korxonalarining «Hududning debitor qarzdorligi oshgani, qish mavsumi kelmagani uchun bosim pasayib ketdi yoki yetarlicha limit ajratilmayapti», degan bahonalari, suyultirilgan gaz yoki elektr energiyasi bilan ta'minlashdagi sustkashliklardan aholi aziyat chekayotganligini ham unutmasligimiz kerak”, deyiladi maqolada.

Gazeta tabiiy gaz ta'minoti bilan bog‘liq ayrim muammolarga to‘xtalar ekan, jumladan, «Markazgazta'minot» unitar korxonasi joriy mavsumda viloyatdagi 870 dan ortiq mahallaning 256 500 dan ziyod xonadonlariga (gazlashmagan aholi yashash punktlaridagi xonadonlar ham shu hisobda) tabiiy gaz yetib bormasligi bois ularni suyultirilgan uglevodorodli gaz bilan ta'minlashni rejalashtirgani, biroq korxona hisobida bor-yo‘g‘i 205 029 ta maishiy gaz ballon borligi qayd etiladi. Yana 50 ming, hatto undan ham ko‘p xonadonlarga suyultirilgan gaz yetkazib berishda tanqislik yuzaga kelishi ehtimoli yo‘q emas.

"Qariyb besh yildan buyon tabiiy gaz tanqisligidan aziyat chekib kelamiz.  Mahallamizda 281 xonadon mavjud bo‘lsa, shularning atigi 140 tasigagina gaz ballon tarqatiladi. Ba'zan maishiy ballonlarni to‘ldirib kelish ham 10-15 kunga cho‘zilib ketyapti. Chunki 20-30 ta ballon yig‘ilmasa, ta'minot korxonalari kelib olib ketishmaydi, mahalla binosida turaveradi. Gaz ballonlarni tashishning texnik qoidalariga amal qilinmaydi. Ustiga-ustak yo‘q gaz uchun shahargaz filiali nazoratchilari tomonidan mahalladoshlarimizga 2 milliondan 7 million so‘mgacha qarzdorlik ilinmoqda", – deydi Samarqand shahar Zardo‘zlar mahallasi oqsoqoli To‘lqin Ahmadjonov.

"Ko‘pqavatli uylarda istiqomat qilayotgan xonadonlarda maishiy gaz ballonlaridan yoki o‘tindan foydalanish mumkin emasligi uchun uyimizni isitolmay halakmiz. Xonadonlarimizga nomigagina berilayotgan tabiiy gaz bosimiga na ovqat pishadi, na choy qaynaydi", – deydi Samarqand shahar, Botir Zokirov nomidagi mahallaning 73-uyida istiqomat qiluvchi B.Muhammadiyeva.

Maqolada yozilishicha, hayron qoladigan tomoni shundaki, viloyatdagi restoran, bar, to‘yxonalaru oshxonalarda bunday tanqisliklar kuzatilmaydi. Taomlar o‘z vaqtida pishirilib tayyorlanyapti, issiqlik ta'minoti ham yetarli darajada. Avtomashinalarga gaz quyish shoxobchalarida ham uzilishlar sodir bo‘lmaydi. Ammo bugun aksariyat aholi tabiiy gaz yetishmovchiligidan qiynalayotganligi bor gap.

Top