10:21 / 30.10.2015
5976

“Sokker klub” ko‘rsatuvining oktabr soni o‘zbek futbolidagi kelishilgan o‘yinlarga bag‘ishlanadi

“Sport” telekanali orqali efirga uzatilib kelinayotgan “Sokker klub” ko‘rsatuvining navbatdagi soni o‘zbek futbolidagi kelishilgan o‘yinlarga bag‘ishlanadi. Bu haqda kun.uz saytiga loyiha muallifi Diyor Imomxo‘jayev ma'lum qildi.

Muallifga ko‘ra ko‘rsatuvning avvalgi sonlarida mavzu o‘zbek futbolidagi muammolardan kelib chiqib, ixtiyoriy tanlab olingandi. Oktyabr oyiga bag‘ishlangan “Sokker klub” mavzusi esa sentabr oyi yakuniga yetmayoq ma'lum bo‘lib ulgurgan.

25 sentabr kuni o‘tkazilgan “Paxtakor” hamda “Metallurg” jamoalari o‘rtasidagi oliy liga 22-tur bellashuvi ko‘pgina bahs-munozaralarga sabab bo‘lgani futbol muxlislariga yaxshi ma'lum.

Keyinchalik O‘zbekiston futbol federatsiyasi prezidenti Mirabror Usmonov oliy liga klublari rahbarlari va murabbiylari bilan 2 oktabr kuni uchrashdi.

Orada “Metallurg” klubi bosh murabbiyi Rustam Mirsodiqovning murabbiylik litsenziyasi yil yakuniga qadar bekor qilindi.

Shu va boshqa voqealar sabab bo‘lib, “Sokker klub” ijodkorlari loyihaning navbatdagi sonini kelishilgan o‘yinlarga bag‘ishlashga qaror qilishdi. Har oyning so‘nggi kunida efir yuzini ko‘radigan “Sokker klub”ning bu galgi mehmonlari sifatida kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurashuvchi ekspertlar kengashi raisi Ahrol Inoyatov, “Oq-tepa” futbol klubi rahbari G‘anisher Shog‘ulomov, “Futbol ekspress” gazetasi muxbiri Furqat Nishonov hamda huquqshunos Xushnud Xudoyberdiyev tanlab olingan.

Suhbat davomida totalizatorlar, bukmekerlik kompaniyalari bilan bog‘liq ishlarda ishtirok etuvchilar va ularni qanday jazolar kutishi mumkinligi haqida ham so‘z boradi.

Shu bilan birgalikda, kelishilgan o‘yinlar haqida yaxshi tasavvurga ega bo‘lmagan muxlislar o‘zlari uchun bir qator ma'lumotlarga ega bo‘lishadi. Loyiha ijodkorlari ko‘rsatuvni ayniqsa futbolchi va murabbiylar tomosha qilishlaridan umidvor ekanliklarini ma'lum qilishdi. “Sokker” klub shu yilning fevralidan buyon oyda bir bor efirga uzatiladi. Uning kelishilgan o‘yinlarga bag‘ishlangan qismi 31 oktabr kuni soat 22:10da namoyish etiladi. 

Top