18:37 / 30.10.2015
8736

MDH hukumatlari rahbarlari Dushanbeda 40ta hujjatni imzolashdi

Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi hukumatlari rahbarlari Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida 40ta hujjatni imzolashdi. Bu haqda Sputnik agentligi xabar berdi.

Yig‘ilishda havo hujumidan mudofaa, shuningdek, savdo-iqtisodiy hamkorlik, gumanitar aloqalar, moliyaviy va ijtimoiy-iqtisodiy sohalar, huquqni himoya qilish borasida hamkorlikka oid qator hujjatlar imzolandi.

Jumladan, hukumatlar rahbarlari 2011 yil 18 oktabrda qabul qilingan Erkin savdo zonasi to‘g‘risidagi Shartnomani qo‘llash Bayonnomasi haqidagi qaror va 2020 yilga qadar MDH Iqtisodiy taraqqiyoti strategiyasining uchinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlashdi.

Favqulodda holatlardan ogohlantirish va ularning oqibatlarini bartaraf etish sohasida hamkorlik, shuningdek, MDH davlatlarining havo hujumidan mudofaa birlashgan tizimini tashkil etish va rivojlantirishning moliyaviy istiqbollari hamda MDH davlatlari Mudofaa vazirlari kengashi qoshidagi havo hujumidan mudofaa masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi qo‘mita faoliyatini ta'minlashga bag‘ishlangan hujjatlarga imzo qo‘yildi.

Shu bilan bir qatorda, yig‘ilish yakunlariga ko‘ra, MDH davlatlarida xalqaro elektr aloqasi xizmatini ko‘rsatish borasida operatorlararo hisob-kitobni amalga oshirish sharoitlari to‘g‘risida kelishuv loyihasi tasdiqlandi.

Shuningdek, 2020 yilgacha bo‘lgan davr mobaynida transport vositalari uchun motor yonilg‘isi o‘rnida tabiiy gazdan foydalanishni rivojlantirish va rag‘batlantirishga yo‘naltirilgan kompleks chora-tadbirlar loyihasi qabul qilindi.

Mazkur uchrashuvda O‘zbekiston hukumati vakili Adham Ikramov boshchiligidagi o‘zbek delegatsiyasi ishtirok etdi.

Top