16:51 / 30.10.2015
3481

O‘zbekistonda har yili 2 milliondan ortiq kishi tez tibbiy yordam xizmatidan foydalanadi

29 oktabr kuni Toshkentda O‘zbekiston shoshilinch tibbiy yordam vrachlar assotsiatsiyasi III qurultoyining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ta'kidlanishicha, anjumandan ko‘zlangan asosiy maqsad soha olimlari va mutaxassislari intilishlarini shoshilinch tibbiyotning ustivor muammolarini yechish yo‘nalishida birlashtirib, doimiy va samarali ilmiy-amaliy hamkorlikni yuzaga keltirishdir.

Ma'lum qilinishicha, O‘zbekiston shoshilinch tibbiy yordam xizmatlaridan har yili 2 mln kishi foydalanadi, murojaat qilganlarning 200 ming nafardan ortig‘ida jarrohlik amaliyotlari o‘tkaziladi. Bu haqda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi (RShTYoIM) direktori o‘rinbosari Yelena Borisova ma'lum qildi.

Nufuzli darajada o‘tkazilayotgan mazkur qurultoyda o‘zbekistonlik professor-olimlar, xorijlik mutaxassislar shoshilinch tibbiy yordam xizmatining aholi salomatligidagi o‘rni, ilmiy faoliyatdagi natijalar, erishilayotgan yutuqlar, amaliyotga tatbiq etilayotgan yangi davolash usullari kabi dolzarb mavzularga bag‘ishlangan ma'ruzalar bilan ishtirok etishdi.

Ta'kidlash joizki, zamonaviy shoshilinch tibbiy yordam xizmati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1998 yil 10 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish Davlat Dasturi haqida”gi Farmoniga asosan tashkil etilgan. Mamlakatimiz aholisi uchun dalat tomonidan kafolatlangan, barcha uchun ochiq va sifatli shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish mazkur xizmatning asosiy vazifasi etib belgilangan.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi (RShTYoIM) va unga biriktirilgan Respublika sanitar aviatsiyasi hamda Toshkent shahrining “103” xizmati Shoshilinch tibbiy yordam xizmatining bosh muassasasi hisoblanadi. Markazning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda tashkil qilingan 12 filialida maxsuslashtirilgan shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatiladi.

Qurultoy ishi 30 oktabr kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida seksiyalarda davom etdi.

Top