11:08 / 30.10.2015
4196

Qozog‘istonlik amaldorlar Nazarboyev ko‘rsatgan o‘rnakka amal qilgan holda Qozog‘istonda tikilgan kostyumlarni sotib olishni boshlashdi

Qozog‘istonda davlat xizmatchilari va milliy kompaniyalar xodimlari Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev ko‘rsatgan o‘rnakka amal qilib, Chimkentdagi “Altin Adam” tikuvchilik fabrikasida tikilgan kostyumlarni faollik bilan sotib ola boshlashdi. Bu haqda “Novosti-Kazaxstan” axborot agentligi “NADLoC” mahalliy rivojlanish milliy agentligiga iqtibos keltirgan holda ma'lum qilmoqda.

Qozog‘iston prezidenti joriy yilning sentabr oyida viloyatlar bo‘ylab o‘tkazgan ishchi safarlaridan birida Qozog‘istonda ishlab chiqarilgan kostyum va poyafzallar kiyishini aytgan edi. Prezidentning o‘rnagiga birinchi bo‘lib Qarag‘anda akimi (hokimi) Nurmuxambet Abdibekov amal qilib, o‘ziga Qozog‘istonda ishlab chiqarilgan kostyumdan sotib oldi.

“NADLoC” mahalliy rivojlanish milliy agentligi tomonidan yengil sanoatni qo‘llab- quvvatlash maqsadida aksiya o‘tkazildi. Tadbirda Investitsiyalar va rivojlanish vazirligining qo‘mitalari ishchilari, rivojlanish institutlari xodimlari bajonidil qo‘shildilar. Shu kuni har bir qatnashchi, xoh u erkak, xoh ayol bo‘lsin, o‘ziga Qozog‘istonda ishlab chiqarilgan kostyum (narxi 20 ming tengedan boshlanadi) sotib oldi. Zarurat tug‘ilganda individual buyurtma berish ham yo‘lga qo‘yildi”, deyilmoqda xabarda.

Agentlik ma'lumotlariga ko‘ra, “Altin Adam” jahon ishlab chiqaruvchilarining yuqori texnologik qurilmalaridan foydalangan holda erkaklar, ayollar va bolalar kiyimlarini loyihalashtirish, modellashtirish, bichish-tikish bo‘yicha to‘liq siklga ega bo‘lgan Qozog‘istondagi yagona tikuvchilik korxonasi hisoblanadi. Korxona mahsulotlari xorijga eksport qilinmaydi, uning asosiy maqsadi mahalliy xaridorlarni o‘zining sifatli mahsuloti bilan ta'minlashdan iborat.

Top