09:32 / 31.10.2015
8275

OAV: Avstraliya noqonuniy muhojirlarni Qirg‘izistonga joylashtirmoqchi

Avstraliya hukumati 1500 nafardan ziyod noqonuniy muhojirlarni hozirgi turgan joyidan Qirg‘izistonga ko‘chirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda The Australian xabar berdi.

Ayni paytda noqonuniy muhojirlar Papua-Yangi Gvineya va Naurudadagi lagerlarda saqlanmoqda. Avstraliya hukumati anchadan buyon mamlakatga odamlarni noqonuniy tarzda tashiyotgan kemalarga qarshi kurash olib bormoqda.

Nashrning qayd etishicha, ayni paytda hukumat qochqinlarni Qirg‘iziston va Sobiq Ittifoqning boshqa mamlakatlariga ko‘chirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Bundan tashqari, muhojirlar Afrika va Janubiy Amerika davlatlariga ham ko‘chirilishi mumkin. Biroq shu vaqtgacha hech qanday kelishuvga erishilganicha yo‘q.

Avstraliya Immigratsiya va chegaralar himoyasi vaziri Piter Datton Qirg‘izistonning noqonuniy qochqinlarni qabul qiluvchi mamlakat sifatidagi maqomiga izoh berishdan bosh tortdi. U faqatgina hukumat qochqinlarni bir necha mamlakatlarga joylashtirish bo‘yicha muzokaralar olib borayotganini tasdiqladi.

Top