06:23 / 01.11.2015
8301

Misr vaziri falokatga uchragan Rossiya samolyoti ekipajining oxirgi harakatlari haqida ma'lumot berdi

Misrda falokatga uchragan Rossiya samolyoti uchuvchisi falokatdan oldin Sharm-al-Shayh aeporotidagi avianozirlarga yordam so‘rab murojaat qilmagan. Bu haqda Misr fuqarolik aviatsiyasi vaziri Husam Kamol ma'lum qildi. Bu haqda RIA “Novosti” axborot agentligi xabar bermoqda. 

“Avianozirlarning Rossiya samolyoti bilan aloqasi falokatgacha normal tartibda olib borilgan”, deb aytdi Kamol. Uning aytishicha, “rus uchuvchisi hech qanday yordam so‘ramagan, samolyot radarlardan birdaniga yo‘qolib qolgan”.

Avvalroq Sharm-al-Shayh aeroportidagi manba samolyot havoga ko‘tarilgandan keyin uchuvchi nozir bilan bog‘lanib, texnik nosozliklar haqida xabar bergani va yo‘nalishni o‘zgartirib, samolyotni Qohirada qo‘ndirishga ruxsat so‘raganini aytgan. Shundan keyin aloqa uzilib qolgan.

“Interfaks” axborot agentligi Misrning aviatsiya sohasidagi rasmiylariga iqtibos keltirgan holda uchuvchi samolyot qurilmalari bilan paydo bo‘lgan muammolar sababli Sinay yarimorolining shimolidagi Al-Arish shahri aeroportida shoshilinch qo‘nishni talab qilgan.

Voqea joyida qutqaruvchilar ish olib bormoqdalar. Qora qutilar topilgan va o‘qilishi boshlangan.

Rossiya Tergov qo‘mitasi fojia yuzasidan ikkita jinoiy ish qo‘zg‘atdi. “Kogalymavia” aviakompaniyasi va “Brisko” turoperatori (samolyotda shu kompaniya mijozlari bo‘lgan) hamda Domodedova aeroportida (samolyot shu aeroportga biriktirilgan bo‘lgan) tintuvlar o‘tkazilmoqda.

1 noyabr Rossiyada fojia qurbonlari xotirasiga motam kuni deb e'lon qilindi.

Top