20:35 / 02.11.2015
21231

Andijon Markaziy dehqon bozorida keng ko‘lamli rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi

Kun.uz muxbiri Andijon viloyati markazida qurilgan yangi dehqon bozori hududiga tashrif buyurdi va andijonliklar bilan gaplashib, fotoreportaj uyushtirdi.

"Andijon shahridagi Markaziy dehqon bozoridagi holat aholining haqli e'tirozlariga sababchi bo‘layotgan edi. Hududning nisbatan kichikligi, dehqonlar, tadbirkorlarning savdo qilishi uchun shart-sharoitlar, savdo o‘rinlari yetishmasligi, bundan tashqari transport harakatidagi tiqilinch holat, tartibsizliklar kabi muammolar yechimini kutayotgan edi. O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining 2015 yil iyun oyidagi va Andijon shahar hokimining 1 avgustdagi qarorlari bilan Fitrat ko‘chasida joylashgan mazkur bozor hududida keng ko‘lamli ishlar boshlab yuborildi", deydi muxbir.

“Andijonxo‘jaroloyiha” MChJ tomonidan loyiha-smeta hujjatlari tayyorlandi. Unga ko‘ra, bozor hududi yarim gektarga kengaytirilib, hozirda 4,1 gektarni tashkil etadi. O‘tgan ikki oydan ziyodroq vaqt mobaynida obektda juda katta hajmdagi keng ko‘lamli rekonstruksiya, qurilish-montaj ishlari olib borildi. Alohida ishlangan loyihaga asosan amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bir-biriga bog‘liq holda barcha kommunikatsion qurilmalar va muhandislik tarmoqlarining o‘zaro bog‘liqligi ta'minlanib, hududning relefiga mos tarzda barpo etilishiga erishildi.

Bozor hududi atrofida 493 pogonometr hajmda panjarali to‘siqlar, 3ta asosiy kirish darvozalari o‘rnatildi. 880ta savdo o‘rniga ega rastalar barpo qilingan 60,5x91 metr o‘lchamdagi “Kislovodsk” rusumidagi 6ta 30x30 metr yig‘ma metall karkaslardan iborat ochiq pavilonning balandligi 8 metrni tashkil etadi. Mazkur pavilonning yerto‘la qismida 48x15 metr o‘lchamda meva va sabzavotlarni zaxiraga saqlash uchun sovutkichli omborlar joylashgan. Bozor hududida avtotransport vositalari harakatini tartibga solish maqsadida 3ta avtomobillar to‘xtash joylari, yengil va yuk mashinalari va avtobuslar uchun ham alohida joylar ajratilgan.

Shuningdek, bozorning janubiy tomonida non va non mahsulotlari, go‘sht va sut mahsulotlari sotish uchun alohida ikki qavatli bino, g‘arbiy darvoza atrofida esa oshxona, ko‘katlar, dukkakli mahsulotlar, quruq mevalar, poliz mahsulotlari bilan savdo qilish imkonini beruvchi rastalar va maydonchalar foydalanuvchilar ixtiyoriga berilgan.

"Biz bozor hududidagi barcha qurilish, qurilish-montaj, kommunikatsiya va obodonlashtirish ishlarini juda qisqa fursatlarda, shu bilan birga sifatli amalga oshirilishiga jiddiy e'tibor qaratdik. Obektni tez va mukammal qurib bitkazilishi uchun ishni uch smenada ham tashkil etdik, natijada shahrimiz aholisi va mehmonlar uchun barcha sharoitlarga ega zamonaviy bozor binosini taqdim etdik", -deydi Andijon shahar hokimligi qoshidagi “Dehqon bozor” qurilishi direksiyasi direktori Unvonjon Fozilov.

“Markaziy dehqon bozori” majmuasi qurilishi munosabati bilan uning atrofidagi ko‘chalar kengaytirildi, zamonaviy yoritgichlar o‘rnatildi, binolar qayta rekonstruksiya qilinyapti. Bir so‘z bilan aytganda, Andijonning Eski shahar hududi bugun yangi, zamonaviy qiyofaga ega bo‘ldi.

Bunyodkorlik ishlarida Andijon viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan, zamonaviy qurilish texnikalari va anjomlariga hamda o‘z sohasida yetarli bilim va tajribaga ega bo‘lgan 1500dan ziyod binokorlar ishtirok etishdi. “Ko‘chma mexanizatsiyalashgan korxona”, “Asaka Sar invest”, “Milano Biznes Servis”, “And tex naz” mas'uliyati cheklangan jamiyatlar hamda “Xon” ishlab chiqarish korxonasi bunyodkorlari belgilangan ishlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish uchun bor mahoratlarini ishga solishdi. Ayniqsa, “Ko‘chma mexanizatsiyalashgan korxona” MChJ quruvchi-montajchilari juda katta hajmdagi ishlarni bajardi.

Ma'lum qilinishicha, majmua qurilishida “Ko‘chma mexanizatsiyalashgan korxona” MChJning 700 nafardan ziyod quruvchilari ishtirok etgan.

“Markaziy dehqon bozori” majmuasi shaharning “Eski shahar” hududida barpo etilishi mo‘ljallanayotgan ulug‘vor bunyodkorlik ishlarining bir qismi, xolos. Hademay bu go‘sha barchani hayratga soladigan darajada moziy va zamona uyg‘unlashgan qiyofa kasb etadi", deb xabar beradi muxbir.

Top