14:35 / 02.11.2015
2767

Katta yoshli braziliyaliklarning yarmidan ko‘prog‘i qo‘shib-ayirish amallarini bilmasligi ma'lum bo‘ldi

25 yoshdan oshgan braziliyaliklarning yarmidan ko‘prog‘i eng oddiy matematik amallarni bajarishda qiyinchiliklarga duch keladi. Bu haqda 1 noyabr kuni Riu-Grandi-du-Sul federal universiteti (UFRGS) o‘qituvchilari rahbarligi ostida o‘tkazilgan tadqiqot xulosasida gap ketadi.

Izlanishlar jarayonida 75 foiz Braziliya aholisi o‘rtacha arifmetik hisoblarni amalga oshira olmadi. Xuddi shuncha miqdordagi mamlakat aholisi kasr nima ekanini bilmaydi, 63 foizi umumiy raqamning qaysidir foizini chiqara olmaydi. 43 foiz respondentlar matematika maktab chog‘ida eng yomon ko‘rgan fan bo‘lganini tan olishdi. So‘rovnomada qatnashgan 60 foiz kishi darslarda qatnashishni yoqtirmagan.

“Ta'limdagi ushbu bo‘shliqlar qayg‘uli iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlarga olib keladi. Matematikani yaxshi bilmaydigan jamiyat raqobatbardoshlik borasida muammolarga duch keladi”, - dedi tadqiqot koordinatori, UFRGS dotsenti Flaviu Komim. Uning so‘zlariga ko‘ra, muvaffaqiyatli iqtisodiyotga ega mamlakatlarda o‘tkazilgan xuddi shunday tadqiqotlarda ko‘rsatkichlar Braziliyanikiga qaraganda 4 barobar yaxshi bo‘lgan.

Ayni o‘rinda olimlar yosh braziliyaliklarning natijalari to‘g‘risida ijobiy fikr bildirdi. “Biz yuqori texnologiyalar ko‘proq joyni egallagan dunyoda yashayapmiz. Ular matematik bilimlarga asoslangan. Gap kompyuter dasturlari va smartfonlar uchun ilovalar to‘g‘risida ketmoqda. Bu esa odamlarni mazkur fanga qiziqtirmoqda”, - dedi Nazariy va amaliy matematika milliy instituti vakili Klaudiu Landim.

Top