21:37 / 03.11.2015
3045

Amerikalik ayol 97 yoshida maktabni bitirganlik to‘g‘risida diplom oldi

AQShning Michigan shtatida istiqomat qiluvchi Margaret Tom Bikem 97 yoshga chiqqanida Grand-Rapids shahridagi katolik Markaziy o‘rta maktabining 1936 yilgi bitiruvchilar uchun berilgan diplomni qabul qilib oldi. Bu haqda Inquisitr nashri xabar bergan.

Xabarda aytilishicha, o‘sha yillarda Bikem xonim oilasiga yordam berish zarurati tufayli o‘qishni tashlab ketishga majbur bo‘lgan.

Unga diplomni topshirish marosimi Yorkshir va Stounbrij qo‘rg‘onchasidagi qariyalar uyida bo‘lib o‘tdi. U hozirgi vaqtda aynan shu yerda yashaydi.

Marosimda uning qarindoshlari va do‘stlari ishtirok etdi. U boshiga akademik qalpoqni kiygan va xursandchilikdan yig‘lab yuborgan. Bikem xonim maktabning mas'ul shaxslariga minnatdorchilik bildirgan va o‘shanda o‘qishni tashlab ketish qarorini qabul qilish o‘ta qiyin bo‘lganini so‘zlab bergan.

"Bu qanchalik og‘ir bo‘lganini tasavvur ham qila olmaysiz. Men maktabni yaxshi ko‘rardim, u yerda do‘stlarim juda ko‘p edi", deydi u.


Ruhoniy Greg Dejaning aytishicha, "Bikem xonim maktabni tashlab ketgan vaqtida uning yuragi chilparchin bo‘lgandi, bugungi marosim esa uning jarohatlariga malham bo‘lishi mumkin".

Ma'lumot uchun, Bikem xonim maktabni 17 yoshida, saraton xastaligiga chalingan onasi Ketrin xonimning yonida bo‘lish uchun tashlab ketgandi. U onasining o‘limidan so‘ng otasi Leoning iltimosiga ko‘ra uch nafar kichik ukalariga g‘amxo‘rlik qilishiga to‘g‘ri kelgan. U AQSh armiyasida kichik xizmatchi sifatida ishlagan, keyinchalik 17 yil davomida Greys cherkovida tarbiyachilik qilgan. Bu yillar ichida unda o‘qish bilan shug‘ullanish uchun imkon bo‘lmagan, shunga qaramasdan u ta'limni yakunlab qo‘yish umidi bilan yashab kelgan.

2015 yilda Bikem xonimning amakivachchasining qizi maktab ma'muriyatiga murojaat qilib, ushbu tarix haqida hikoya qilib bergan. Muassasa vakillari ayolning orzusini ro‘yobga chiqarish maqsadida, oradan 80 yil o‘tib unga diplom topshirish marosimini uyushtirishga qaror qilishdi.
Margaret Tom Bikem oilasida ikki farzand, to‘rt nevara va bir evara dunyoga kelgan.

Top