09:06 / 03.11.2015
5030

Buxarestdagi yonayotgan klubda halok bo‘lgan ikki qahramon mardligi uchun orden bilan taqdirlandi

Ruminiya prezidenti Buxarestdagi yonayotgan klubda odamlarga yordam berish vaqtida halok bo‘lgan ikki erkakni o‘limidan so‘ng taqdirladi, deya xabar bermoqda Mediafax.
36 yoshli Klaudiu Petre va 38 yoshli Adrian Rujina o‘limidan so‘ng “Mardlik, fidokorlik va g‘amxo‘rligi uchun” milliy ordeni bilan taqdirlanishdi.

Har ikki erkak birinchi urinishda klubdan chiqishga ulgurishgan, biroq ortga qaytib, u yerdagilarni qutqarishga kirishishgan. Fotograf bo‘lib ishlagan Petre ikki marta klub binosiga qaytib, ayollarni olib chiqqan, so‘ngra yana olovga kirib ketgan. Barabanchi bo‘lib ishlagan Rujina esa to‘polon vaqtida yiqilib, qolib ketgan kishilarga yordam bergan, is gazidan zaharlanib vafot etgan.

“O‘z shaxsiy hayoti evaziga ular juma kungi fojyea vaqtida inson hayotini saqlab qolishdi... ularning umri tugamadi, chunki qahramonlar hech qachon o‘lmaydi”, - deb yozdi mamlakat prezidenti Klaus Yoxannis o‘zining “Feysbuk”dagi sahifasida.
Eslatib o‘tamiz, 31 oktabrga o‘tar kechasi Ruminiya poytaxti Buxarest shahridagi tungi klubda yong‘in sodir bo‘lgan edi.

O‘sha vaqtda klubda 400 nafarga yaqin kishi bo‘lgan. Ularning 150 nafarga yaqini turli darajadagi kuyish va is gazidan zaharlanish jarohatini olgan bo‘lsa, vafot etganlar soni 31 nafarga yetdi. Fojia munosabati bilan mamlakatda uch kunlik motam e'lon qilindi.

Top