15:35 / 03.11.2015
7549

Misr prezidenti: IShID A321 samolyotini urib tushirgani haqida aytib, o‘zini tashviqot qildi

Misr prezidenti Abdul Fattoh as-Sisining fikricha, IShID Sinayda Rossiyaga tegishli A321 samolyotini urib tushirgani haqida e'lon qilib, o‘zini yana bir marta targ‘ib qildi.

Misr rahbari jurnalistlarga bergan intervyusida samolyotning halokatiga aynan nima sabab bo‘lgani haqida aniq gap aytish uchun hali biroz kutilishi kerakligini ta'kidlab o‘tgan.

"Barcha bu hodisa bo‘yicha tekshiruvda ishtirok etishi mumkin. Lekin IShIDning bu samolyotni urib tushirgani haqidagi xabarlar shunchaki gij-gijlash va jangarilarning o‘zini "piar" qilishidir. Bu shuningdek, Misrning imijini buzishga urinish hisoblanadi. Sizlarni ishontirib aytamanki, bu hodisa yuz bergan hudud Misr tomonidan jiddiy nazorat ostida bo‘lib turibdi, jangarilar Misr osmonidagi samolyotni osonlik bilan urib tushiraverishmaydi", deydi prezident.

Eslatib o‘tamiz, 31 oktabr kuni Misr vaqti bilan 6:51 da (Toshkent vaqti bilan 9:51) Rossiyaning "Kogalimavia" aviakompaniyasiga tegishli Sharm ash-Shayx — Sankt-Peterburg yo‘nalishi bo‘yicha 9268 reysini amalga oshirayotgan Airbus-321 layneri parvozga ko‘tarilgandan 23 daqiqa o‘tib radarlar ekranidan yo‘qoldi. Mazkur samolyot bortida 217 nafar yo‘lovchi va yetti nafar ekipaj a'zosi bo‘lgan.

Top