11:18 / 03.11.2015
3126

O‘zbekistonlik suzuvchi Ra'noxon Amanova “Rio-2016” o‘yinlariga yo‘llanma oldi

2016 yili Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) o‘tkaziladigan XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlariga yo‘llanma olgan o‘zbekistonlik sportchilar safi yana bittaga kengaydi.

Qatar poytaxti Doha shahrida o‘tkazilayotgan Jahon Gran-Prisining navbatdagi bosqichida O‘zbekiston vakili Ra'noxon Amanova 200 metr masofaga kompleks usulda suzish bo‘yicha musobaqada 2:13,08 soniya natija qayd etib, “Rio-2016” o‘yinlariga litsenziyani qo‘lga kiritdi (ushbu masofada Olimpiada o‘yinlarining yo‘llanmasi uchun belgilangan me'yor 2:14,20 soniyani tashkil etadi).

Bugun Qatarda o‘tkazilayotgan Jahon Gran-Prisida yana bir o‘zbekistonlik Vladislav Mustafin 100 metr masofaga brass usulda suzish musobaqasida startga chiqadi.

Jahon Gran-Prisining navbatdagi bosqichi 6-7 noyabr kunlari BAAning Dubay shahrida o‘tkaziladi.

O‘zbekiston suzish federatsiyasi matbuot xizmatidan ma'lum qilinishicha, Doha va Dubay shaharlarida o‘tkaziladigan Jahon Gran-Prisiga O‘zbekistondan 9 nafar sportchi yo‘l olgan.

Ma'lumot uchun. Ra'noxon Amanova 2012 yili London shahri (Buyuk Britaniya)da bo‘lib o‘tgan XXX yozgi Olimpiada o‘yinlarida ham O‘zbekiston sharafini himoya qilgan.

Top