13:59 / 04.11.2015
3181

Robin Uilyamsning bevasi turmush o‘rtog‘i aqli zaiflik tufayli o‘zini o‘ldirganini taxmin qildi

Hollivudning marhum kinoyulduzi Robin Uilyamsning rafiqasi Syuzan Uilyams eri orttirilgan aqli zaiflik – Levi tanachalari dementsiyasi tufayli o‘z joniga qasd qilganini taxmin qilib ko‘rdi.

“Uni tushkunlik o‘ldirmadi, - dedi u People jurnaliga bergan intervyusida. – Tushkunlik uning 50 simptomidan biri edi, lekin asosiysi emas edi”.
Syuzanning fikricha, xastalik chuqur tashvishni, motorika buzilishi va gallyutsinatsiyalarni keltirib chiqargan. Bu belgilar 2014 yildan namoyon bo‘la boshlagan. Uilyams xonimning eslashicha, bir safar mashhur aktyor oldidagi eshikni ko‘rmay, boshini yorib olgan.

Levi tanachalari dementsiyasi (DLB) Altsgeymer bilan bir qatorda eng keng tarqalgan orttirilgan aqli zaiflik xastaliklaridan biridir. Unga yo‘liqqanlar soni dunyo bo‘yicha 1 mln kishi hisoblanadi.

Robin Uilyams 2014 yilning 12 avgust kuni o‘z joniga qasd qilgan edi. U Kaliforniya shtatidagi Tiburon shahridagi uyida o‘lik holda topildi. O‘z joniga qasd qilishining sababi sifatida og‘ir tushkunlik ko‘rsatildi, negaki bir necha oy muqaddam shifokorlar unga Parkinson xastaligini tashxis qilishgan edi. Keyinchalik unda Parkinson emas, DLB borligi aytildi.

Top