22:01 / 04.11.2015
5172

Saakashvili Yatsenyuk davrida Ukraina Afrikaning qoloq davlatlari darajasiga tushib ketganini aytdi

Ukrainaning Odessa viloyati gubernatori Mixail Saakashvili Ukraina bosh vaziri Arseniy Yatsenyukning tanqidiga javob berdi. Yatsenyuk Saakashvili prezidentligi davrida Gruziyada amalga oshirilgan islohotlar borasida salbiy fikr bildirdi.

Saakashvili o‘zining feysbukdagi sahifasida bunga javoban Ukraina Yatsenyuk davrida “Afrikaning qoloq davlatlari darajasiga tushib ketganini” aytdi.

“Yatsenyuk meni va Gruziyadagi islohotlarni tanqid qilgan ekan, men Gruziyadagi islohotlar bo‘yicha bir nechta qiyoslama dalillarni keltirib o‘tmoqchiman. Mening rahbarligimda Gruziyada iqtisodiyot urush va geosiyosiy keskinlik sharoitida ham ko‘p vaqt davomida ikki raqamli o‘sishlarni namoyon qilgan, Ukraina iqtisodiyoti esa afsuski, oxirgi ikki yil davomida falokatli tarzda qulamoqda. Mening davrimda Gruziya biznes yuritish bo‘yicha Jahon bankining reytingida 8-o‘ringa ko‘tarildi. Ukraina esa faqatgina 72-o‘rinni egallamoqda. Mening davrimda biznes sub'yektlari o‘rtasida korrupsiyani qabul qilish 80 foizdan 2 foizga tushgan, Ukrainada esa oxirgi mahal 80 foizga ko‘tarildi. Ukraina, afsuski, Afrikaning qoloq davlatlari darajasiga tushib ketdi”, deb aytdi Saakashvili.

Top