06:52 / 05.11.2015
5021

Aleksandr Lukashenko 2016 yil 1 iyuldan Belarus milliy valyutasi qiymati o‘zgarishi haqidagi qarorni imzoladi

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko 4 noyabrda Belarus milliy valyutasi denominatsiya qilinishi (pul qiymati o‘zgartirilishi) haqidagi qarorni imzoladi. Bu haqda Lukashenko matbuot xizmati ma'lum qildi.      

Hujjatga ko‘ra, 2016 yil 1 iyuldan mamlakat milliy valyutasi – Belarus rubli denominatsiya qilinib, 2016 yilning 31 dekabrigacha muomalada bo‘lgan 2000 yilda chiqarilgan pullar 2009 yilda chiqarilgan pullarga 10 ming rublga 1 rubl qiymatida o‘zgartiriladi, ya'ni pul qiymati 10 ming marta kamaytiriladi.

Belarus Milliy bankida ta'kidlanishicha, “denominatsiya jarayoni texnik xarakterga ega bo‘lib, belarus rublining xaridorlik qobiliyati, milliy valyutaning xorijiy valyutalarga kursi, inflyatsiya darajasiga ta'sir qilmaydi”.

2016 yilning 1 iyulidan tovar va xizmatlar uchun narxlar 1:10000 nisbatda qayta hisoblanadi. “100 ming rubl turgan tovar denominatsiyadan keyin 10 rublni tashkil qiladi. Xaridorlarga yangi o‘zgarishlarga osonroq moslashishlari uchun eski va yangi pul birliklari parallel ravishda 2016 yilning 31 dekabrigacha muomalada bo‘lgan vaqtda barcha xo‘jalik sub'yektlari ikkita narx – eski va yangi narxni ko‘rsatishlari kerak bo‘ladi. Shu qoida asosida oylik maoshlar, pensiyalar, bank hisob raqamlarida qolgan pul mablag‘lari, korxona va tashkilotlarning balanslaridagi mablag‘lar qayta hisoblanadi”, deb aytildi Belarus Milliy bankida.

Top