21:32 / 05.11.2015
4255

Eron Markaziy Osiyo davlatlari bilan temir yo‘l transporti sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda

“Eron temir yo‘llari” kompaniyasi bosh direktori o‘rinbosari Hasan Ashuriy Toshkentda bo‘lib o‘tgan MDH davlatlari temir yo‘l transporti kengashi yig‘ilishida Eron Markaziy Osiyo davlatlari bilan temir yo‘l transporti sohasida hamkorlikni kengaytirish niyatida ekanligini aytdi.

Ashuriy Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan kengashning 63-yig‘ilishi kengash a'zolari bo‘lgan davlatlar o‘rtasida muvaffaqiyatli hamkorlikka ko‘mak berishini ta'kidlab o‘tdi va Eron bu kengashga uch yil avval qo‘shilganini eslatib o‘tdi.

Ashuriy Eron va Kengash a'zolari o‘rtasidagi hamkorlikning natijalarini ijobiy baholab, kengashga a'zo davlatlarga o‘z eksportini rivojlantirish maqsadida Eron bu kengashga kiruvchi bir qator davlatlar, jumladan O‘zbekiston, Turkmaniston va Tojikiston temir yo‘l vagonlaridan faol foydalanishini aytdi.

Ashuriy Eron va O‘zbekiston temir yo‘l transporti sohasidagi hamkorlik masalasi haqida gapirar ekan, oxirgi yillarda bu hamkorlik sezilarli rivojlanishga erishganini ko‘rsatib o‘tdi.
O‘zbekiston o‘zining qishloq xo‘jaligi mahsulotining kattagina qismini boshqa davlatlarga Eron orqali eksport qiladi.

MDH davlatlari temir yo‘l transporti kengashi MDHda temir yo‘l transporti orqali yuk va yo‘lovchi tashishlarni amalga oshirish borasida hamkorlikni kengaytirish maqsadida tashkil etilgan.

Top