23:16 / 05.11.2015
3639

Hyundai kompaniyasida premial avtomobillar ishlab chiqaruvchi subbrend paydo bo‘ldi

Hyundai kompaniyasi premial avtomobillar ishlab chiqaruvchi Genesis subbrendini rasman taqdim qildi. Bu brend ostida kompaniyaning premial modellari ishlab chiqariladi. Ayni paytda bunday avtomobillarga o‘rta o‘lchamdagi sedan va kupelar kiradi.

2020 yilga qadar brendning yangi modellar qatoriga 6 tagacha model kiradi va ular segmentga bog‘liq holda G90, G80, G70 va shu kabi belgilanadi. Bu mashinalar standart mashinalardan qanotlarga ega yangi emblema, mijozlar uchun yuqori darajada xizmat ko‘rsatish va o‘ziga xos dizayn bilan ajrab turadi.

Genesis subbrendi modellarida Hyundai’ning AQShdagi dizayn-studiyasi ishlab chiqqan Vision G kontseptual kupesidagi bir qator stilistik yechimlar qo‘llanadi. Los-Anjyeles san'at muzeyida avgustda namoyish qilingan bu kupe prototipi “premial modellarning kelajak avlodi uchun ilhom beruvchi” mashina deb atalgan. Yangi modellar qatoriga Genesis sedani va kupesining serhasham versiyalari, shuningdek Equus flagman modeli kiritiladi. Bundan tashqari, kompaniya rahbariyati katta o‘lchamdagi premial yo‘ltanlamas chiqarish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda. Bu yangi mashinaga asos qilib Genesis sedani platformasi olinadi.

Sentyabrda Hyundai kompaniyasi N subbrendini taqdim qilgandi, bu brend ostida mashinalarning yuqori tezlik bilan harakatlanuvchi versiyalari ishlab chiqariladi. Qatorning nomida (N) Janubiy Koreyadagi Namyang shahri (bu yerda kompaniyaning tadqiqotlar va ishlanmalar bo‘limi joylashgan) va Germaniyadagi Nyurburgring (kompaniyaning sinov markazi joylashgan) shahriga ishora qilinadi.

Top