00:59 / 06.11.2015
10134

Katta Jorj Bush o‘z o‘g‘li Kichik Jorj Bush va uning o‘rinbosari Dik Cheynini tanqid ostiga oldi

AQShning sobiq prezidenti Katta Jorj Bush AQShning yana bir sobiq prezidenti, o‘zining o‘g‘li Kichik Jorj Bushni va uning sobiq yordamchilarini tanqid ostiga oldi. Bu haqda CNN telekanali ma'lum qildi.

AQShning 41-prezidenti Katta Bush jurnalist Jon Mikemga o‘zining “Taqdir va hokimiyat: Jorj Gerbert Uoker Bushning amerikancha odisseyasi” deb nomlangan biografik asari bo‘yicha bergan intervyusida o‘g‘li Kichik Jorj Bush prezident bo‘lgan davrda vitse-prezident bo‘lgan Dik Cheyni va mudofaa vaziri bo‘lgan Donald Ramsfeld haqida tanqidiy fikr bildirdi. Katta Bush Cheynini “temir ket”, ya'ni uncha-bunchaga bo‘sh kelmaydigan deya tavsiflab, uni “Oq uyda o‘zining shaxsiy imperiyasini qurish”da aybladi. Shu bilan birga Bush Cheynini “umuman olganda yoqimtoy yigit” deb atadi.

Katta Bush AQShning sobiq mudofaa vazirini kibrli deb atab, o‘z ishini yaxshi uddalay olmaganlikda aybladi. “Bu yigitga yuvoshlik va uning suhbatdoshi nima deb o‘ylashini anglash istagi yetishmaydi. U ho‘kiz kabi ishlaydi va tank kabi harakat qiladi. Fikrimcha, u buning uchun yetarlicha haq to‘ladi”, deb aytdi Bush.

Katta Bush o‘z o‘g‘lini ham ayab o‘tirmadi va o‘g‘lining Iroqqa bostirib kirish qarorini qo‘llab-quvvatlaganini, biroq uning o‘g‘li balandparvoz jumlalar aytishga haddan tashqari mukkasidan ketib qolganini aytdi. Uning fikricha, bunday jumlalar “gazeta sarlavhalariga to‘g‘ri keladi, biroq diplomatik muammolarni hal qilishda uncha ham yordam bermaydi”. Xususan qariya Bush o‘g‘lining Eron, Iroq va Shimoliy Koreyaga nisbatan “yovuzlik o‘zagi” deb ishlatgan atamasini ham tanqid qildi. “Fikrimcha, tarix bundan hech kimga yaxshiroq bo‘lmaganini isbotladi”, deb ta'kidlab o‘tdi Bush.

Jorj Gerbert Uoker Bush Ronald Reygan prezidentligi paytida 1981-1989 yillarda AQSh vitse-prezidenti va 1989-1993 yillarda AQSh prezidenti lavozimini egallagan. 1924 yilda dunyoga kelgan 91 yoshli Katta Bush hozirda hayot bo‘lgan sobiq AQSh prezidentlari orasida eng yoshi ulug‘i va Ikkinchi jahon urushida ishtirok etgan dunyodagi oxirgi prezident hisoblanadi.

Top