11:11 / 06.11.2015
12004

Times: AQSh va Britaniya A321 bortiga IShID tomonidan bomba qo‘yilgani haqidagi yozishmani aniqlagan

Amerikalik va britaniyaliklar razvedka xizmatlari hamkorlikda sun'iy yo‘ldosh vositasidan foydalangan holda o‘tgan oy oxirida Sinayda Rossiyaga tegishli A321 samolyoti qulab tushishi IShID tomonidan amalga oshirilgan terakt tufayli ro‘y bergani haqida ma'lumotlar olishgan. Bu haqda Times nashri xabar qilgan.

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, maxsus xizmatlar IShIDning Suriyadagi qarorgohi va tashkilotning Sinaydagi vakillari o‘rtasidagi elektron yozishmalarni qo‘lga kiritishgan va bu yozishmalarda A321 samolyoti bortiga bomba qo‘yilgani haqida ma'lumot bor.

Taxmin qilinishicha, portlovchi modda samolyot bortiga yo‘lovchilarning yuklari orasida kiritilgan.

Nashrning qayd etishicha, Buyuk Britaniya Sharm-ash-Shayxdagi fuqarolarini olib kelish uchun bo‘sh samolyotlar jo‘natmoqda.

Bu yo‘lovchilar o‘zlari bilan yuk olib o‘tishmaydi. Ularning yuklari qat'iy nazorat ostidagi alohida samolyotlarda olib uchiladi.

Biroz oldinroq, Britaniyadagi nashrlardan biri IShID tomonidan Buyuk Britaniyada terakt amalga oshirishga tayyorgarlik ko‘rilgani haqida ma'lumot bergandi.

Eslatib o‘tamiz, 31 oktabr kuni Misr vaqti bilan 6:51 da (Toshkent vaqti bilan 9:51) Rossiyaning "Kogalimavia" aviakompaniyasiga tegishli Sharm ash-Shayx — Sankt-Peterburg yo‘nalishi bo‘yicha 9268 reysini amalga oshirayotgan Airbus-321 layneri parvozga ko‘tarilgandan 23 daqiqa o‘tib radarlar ekranidan yo‘qoldi. Mazkur samolyot bortida 217 nafar yo‘lovchi va yetti nafar ekipaj a'zosi bo‘lgan.

Top