20:58 / 07.11.2015
33200

“Tovoqsoy” sanatoriysiga cayohat

Kuzning oxirgi oyi, daraxtlar barglari sarg‘ayib, zaminni xazonlar qoplagan. Noyabrning ilk shanba tongida Mehnat vazirligi tomonidan uyushtirilayotgan jurnalistlar uchun media-sayohatga otlanish maqsadida Paxtakor metro bekati yaqinidagi maydonga yetib bordim. Qo‘limda bloknot, osmonning avzoyiga qarab, soyabon olmaganimga afsuslangandek bo‘lib “Isuzu” tomon odimladim. Vazirlik matbuot xizmati rahbari Sardor aka Abduqunduzov iliq qarshi olib, sayohatimiz haqida qisqacha ma'lumot berdi va avtobusdan joy olishimni so‘radi. Televideniye, radio, axborot agentligi, gazeta-jurnallarda mehnat qilayotgan jurnalistlar birin-ketin jam bo‘lib, sayohat dasturida belgilangan vaqtda Toshkent viloyatining Bo‘stonlik tumanida joylashgan so‘lim “Tovoqsoy” sanatoriysi tomon yo‘lga chiqdik. Sardor aka yo‘l-yo‘lakay media-tur haqida batafsilroq ma'lumot berib, hammamizga dastur va press-relizlarni tarqatdi. Uning aytishicha, shu kabi media-tur Mehnat vazirligi tomonidan ilk marta tashkil etilayotgan ekan...
Shaharning gavjum va shovqinli ko‘chalari ortda qolib, olisdan Chimyon tog‘lari qo‘r to‘kib turgan Bo‘stonliq sari ildamlab boramiz. Kuz asta-sekinlik bilan ko‘z o‘ngimizda o‘zining bor latofatini namoyon qila boshladi: bog‘u rog‘lar, olislarda qir-adirlarga yastanib ketgan dalalarga bahor yana qaytgandek, sariq, qizg‘ish yaproqlar anvoyi gullardek ko‘zga tashlanar, shahar manzarasidan toliqqan nigohlarimiz go‘yoki dunyoni ilk marta ko‘rib turgan go‘dak singari har tomonga talpinardi. Ko‘ngilda ajoyib tuyg‘ular uyg‘onadi. Qishloqda o‘sib-unganlar bolalik xotiralariga cho‘madi. Ayrimlar fotoapparatlari, telefonlari kameralarini tog‘ manzarasiga qaratadi va go‘zal tabiatimizni suratlarga muhrlaydi. Shu tahlit baland chinorlar, azim archalar panohidagi so‘lim “Tovoqsoy” sanatoriysi hovlisiga kirib boramiz.


Avtobusdan tushishimiz bilan bizni birinchi bo‘lib tog‘ning salqin va musaffo havosi qarshi oladi. O‘pkamiz to‘lguniga qadar tog‘ havosidan simiramiz. Shu lahzada tanamiz o‘zgacha tetiklik, bardamlikni tuyadi. Archalar, sap-sariq yaproqlaridan ayrilishni istamayotgan dov-daraxtlar qurshab olgan yo‘lakdan binolar sari borar ekanmiz, Sardor Abduqunduzov media-turni tashkil etish uchun nima uchun aynan “Tovoqsoy” sanatoriysi tanlanganining sirini oshkor qiladi. Bu sanatoriy asosan keksalarni sog‘lomlashtirishga ixtisoslashgan ekan. “Keksalarni e'zozlash yili” davlat dasturi qabul qilinganidan keyin bu masalaga yanayam jiddiy e'tibor qaratilib, sanatoriyning 7 nafar shifokori va 16 nafar hamshirasi Shifokorlar malakasini oshirish institutida gerontologiya bo‘yicha malaka oshirish kurslarida tahsil oldilar.

Faxriylarni qabul qilish uchun maxsus bo‘linma ochilib, xonalar keksalarga mos jihozlar bilan ta'minlandi. Keksalarning yoshi inobatga olingan holda taomnomalarga o‘zgartishlar kiritildi. Xullas, hamma sharoitlar qariyalar uchun qaytadan moslashtirib chiqildi. Yil boshidan beri 1200 nafar urush va mehnat fronti faxriylari ana shu sharoitlardan mutlaqo bepul bahramand bo‘lib, o‘z salomatligini tiklab olishibdi...

Sanatoriyda bir an'ana bor ekan. Bu yerga kelgan har bir kishi, u xoh davolanuvchi, xoh mehmon bo‘lsin, avvalo qo‘liga bir piyola choy yoki qahva tutilib, yengilgina tamaddiga taklif etilar ekan. Taomilga ko‘ra bizni ham shirinliklarga taklif etishdi. Shu bahona hamrohlarimiz bilan yanayam yaqindan tashib oldik. Bir piyola choy ustidagi suhbat sanatoriydagi keksalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishish asnosidagi nuroniy otaxonlar, munis onajonlar bilan intervyularga ulanib ketdi. Avval kutubxona, so‘ng yotoqxona va muolaja xonalaridagi sharoitlar, qulayliklar bilan tanishdik. Har bir davolanuvchi keksalar sharoitlardan mamnunligi, bosh shifokordan tortib, hamshirayu farroshlargacha – barcha xodimlarning shirinsuxanligi, taomlarning mazali ekaniyu muolajalarning salomatligiga foyda berayotganini aytishadi.

Odatda OAVda bunday gaplarni o‘qisam yoki eshitsam, to‘g‘risi, ishonmayman, ularga shu gaplarni aytish o‘rgatilgan bo‘lsa kerak, deya shubha qilaman. Shuning uchun o‘g‘rincha xonalarga mo‘raylayman: ikki kishi uchun alohida yotoq va mehmon kutish, suhbatlashish xonasi, hojatxona va yuvinish xonalari ajratilgan, vannalar keksalar chiqishi uchun atayin past va qulay qilib jihozlangan. Zallarda yumshoq mebellar, televizorlar o‘rnatilgan, ularda yuzlaridan nur yog‘ilib turgan nuroniylar suhbat qurishmoqda, ba'zilari shaxmat o‘ynaydi...


Muolaja xonalariga ham nazar tashlayman. Ochig‘i, avval bir-ikki sanatoriyda bo‘lganman. Ularda ham sharoitlar maqtagulik, albatta. Lekin bu yerda barcha sharoitlar, jihozlar, uskunalar keksalar salomatligini tiklashga qaratilgan, hammasi zamonaviy – ishonavering!
Sanatoriy bosh shifokori, oliy toifali shifokor, tibbiyot fanlari nomzodi Nurali Yo‘ldoshev keksalarning sanatoriydagi davolanishi borasidagi jarayonlar bilan o‘rtoqlashadi. Hududlarda shu sanatoriyda davolanish yo‘llanmasi berilgan keksalar avval o‘z tumanidagi shifoxonada bir qur davolanar ekan. So‘ngra sanatoriyga kelib fizioterapevtik va konservativ (umumiy quvvatni oshiruvchi dori-darmonlar bilan davolash) muolajalarni olishni boshlashadi. Fitobarda esa keksalarga xos xastaliklarni giyohlar damlamalari yordamida davolashga e'tibor qaratiladi. Kardionevrologik, tayanch-harakat va yurak qon-tomir kasalliklari bilan og‘rigan keksalarga tabiiy-iqlimiy omillarga omuxta fizioterapiya, davolovchi jismoniy tarbiya, mineral suv va shifobaxsh taomlar, masalan, giyoh va dengiz tuzi bilan vannalar, tsilkulyar dush, suvosti massajlari ayni muddao ekan.


Toza havo sayr qilish, stol tennisi, shaxmat-shashka o‘ynash, har kuni bo‘ladigan taniqli xonanda va so‘z ustalari ishtirokidagi konsert dasturlari, haftada ikki marta Bo‘stonliq tumanidagi bahavo maskanlar, bir oyda ikki marta Toshkent shahridagi mustaqillik yillarida bunyod etilgan maskanlarga uyushtirilgan sayohatlar bu yerda otaxonu onaxonlarimiz vaqtining mazmunli o‘tishiga xizmat qiladi.
Tushlik vaqti 500 kishiga mo‘ljallangan oshxonada “Qarisi bor uyning parisi bor” mavzusida bayram ziyofati tashkil qilindi. Xalqimizning sevimli san'atkorlari Lutfulla Sa'dullayev va Gulchehra Sa'dullayeva hamda yosh xonandalar bayramga o‘zgacha kayfiyat baxsh etishdi. Bayramona tushlik o‘zbekona so‘rilar o‘rnatilgan ochiq maydondagi kuy va raqslarga ulanib ketdi. Otaxonu onaxonlarning Andijon polkasiyu Xorazm lazgisiga raqs tushishini ko‘rsangiz edi!


Keksalik – yana bolalikka qaytishdek gap. Injiq, e'tibortalab bo‘lib qolgan kishilar bilan alohida ishlash kerak. Agar ular 400 nafar bo‘lsa-chi? Salgina e'tibor qilmasang, xafa bo‘lib qolishi, bolalardek arazlab qolishi mumkin. Jahli chiqib hassa bilan boshingga tushirib qolishsa-chi? Ortiqcha bir so‘z ayta olmaysan, xurmatlarini qilib, mehrini qozonishga urinasan. Media-tur davomida bosh shifokor Nurali akaning, barcha shifokoru xodimlarning keksalarga qanchalar xushmuomala ekanini kuzatib, ularning sabru bardoshi, mehru oqibatiga tahsinlar o‘qidim.
Darvoqe, sanatoriyda eng ko‘p uchratgan holat – duogo‘yliklar bo‘ldi. Qo‘li yengil shifokoru, tili shirin hamshiralar, xushmuomala xodimlarni alqab, dorilomon kunlarga sabab bo‘lgan yurtboshimiz haqqiga duolar qilgan nuroniylarimiz Yaratgandan vatanimiz tinchligi, xalqimiz hayotining yana ham farovon bo‘lishini so‘raydi.

Do‘ogo‘ylarimiz bilan o‘tgan kun oxirlab, media-tur dasturidagi barcha ishlar nihoyasiga yetadi. Qisqa fursatda qadrdonga aylanib ulgurgan otaxonu onaxonlar, shifokoru hamshiralar bilan xayrlashib ortga – Toshkentga bir olam taassurotlar bilan qaytamiz. Quyosh bulutlarga alvon yog‘dularini ulashgan holda ufqqa bosh qo‘ygan mahal Paxtakor metrosi qarshisida biz jurnalistlar ham xayr-xo‘shlashamiz...

Sanjar Rustamov, Kun.uz muxbiri.

Top