16:25 / 07.11.2015
25497

Anvar qori Tursunov Minor jome' masjidiga imom bo‘ldi

Minor jome' masjidi bosh imomi Rahmatulloh Sayfuddinov o‘z lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rniga Toshkent shahar bosh imom xatibi Anvar qori Tursunov tayinlandi. Bu haqda Kun.uz saytiga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan ma'lum qilingan.

Bungacha Shayxontohur tumanidagi «Xoja Ahrori Valiy» masjidi imom-xatibi bo‘lgan Anvar qori Tursunov 7 noyabr, shanba kuni «Minor» jome' masjidida peshin namozida jamoatga masjidning yangi imom-xatibi sifatida tanishtirilgan.

2014 yil oktabr oyida ochilgan «Minor» masjidiga shu vaqtgacha Rahmatilloh qori Sayfiddinov imomlik qilayotgandi. U mehnat ta'tiliga chiqqani aytilgan.

Rahmatulloh Sayfuddinov "Yil imomi" tanlovi g‘olibi, marhum shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning shogirdi hisoblanadi.

Ma'lumot uchun, Anvar qori Tursunov 1958 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan bo‘lib, 1981 yil Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning filologiya fakultetini, 2001 yil Toshkent Islom institutini tamomlagan. Anvar qori Tursunov 1999 yildan buyon Toshkent shahar bosh imom-xatibi vazifasida faoliyat yuritib kelmoqda. U 1989—1992 yillarda Qur'oni karimning birinchi o‘zbekcha tarjimasiga (Shayx Alouddin Mansur tarjimasi) muharrirlik qilgan.

Top