22:33 / 07.11.2015
36754

Bloger o‘z ochiq xatida O‘zbekiston Xalq shoirini ayovsiz tanqid qildi

O‘zbekiston halq shoiri Iqbol Mirzo bloger tomonidan qattiq tanqidga uchradi. Sardor Komilov o‘z blogida shoirga qaratilgan ochiq xat shaklidagi fikrlarini joylashtirgan.

27 oktabr kuni “Milliy estrada san'ati shoir va bastakor hamkorligi davr talabi” mavzusida o‘tkazilgan yig‘ilishdagi holat taniqli bloger Sardor Komilovning "tadqiq nishoni"ga aylandi. (Uning ushbu yig‘ilishda shaxsan ishtirok etgani aniq bildirilmagan).

U ushbu yig‘ilish nomining uzunligiga toqatsizlik ko‘rsatadi va so‘zini ushbu tadbir haqida "mantiqsiz yana bir yig‘ilish bo‘lib o‘tibdi" deb gap boshlaydi.

"Bu yerdagilar mikrofon orqali tanqid qilish dardiga chalinganlaru, “bitta xonaga 100tacha odam yig‘sangiz, mazza qilib bir boshliqlik qilardim!” deydiganlar tashkil qilgan bir teatrdek, tavba. Rosti, teatrdan o‘zga emas, negaki shuncha ziddiyat va chuqurlashish...artistlikda artistlardanam o‘tishdi hisobi", deya yozg‘iradi u.

U birinchi navbatda yig‘ilish ishtirokchilaridan biri Iqbol Mirzoning qo‘shiqchi Botir Qodirovga nisbatan bildirgan e'tirozlari ustidan tanqid yog‘diradi.

"O‘zbekiston Xalq shoiri va adashmasam “yuqori"da qandaydir bir muhim va jiddiy kreslo ming‘uvchi janobi Iqbol Mirzoga bu safar Botir Qodirov yoqmabdi..de", deya zaxarxandalik qiladi bloger.

"Shoirimiz Botir Qodirovning “Ey, do‘stim” qo‘shig‘idagi “Eng avval onangga yaxshilik qilgin, eng avval otangni qadrini bilgin!” jumlasini tanqid qilibdi. "Ma'noli qo‘shiq kuyla" deb ayyuhannos solasizlaru, ota-ona xaqida ibratli qo‘shiq kuylasa "haqqing bormi?" deysizlar", deya davom etadi u.

Bloger o‘z noroziliklarini achchiq gaplar bilan davom ettirgan.

"Iqbol akasi, endi xamma artistlar faqaaat sizdan she'r olishsin-a? Sizdan bo‘lmasa, qolganlarniki ma'noli bo‘ladimi, ma'nosizmi, o‘z fikrlaringizga zid bo‘lsa ham tupurib tashlashingiz kerak a? Mansab zavqi o‘lsin... Haddan ziyod chuqurlashmayapsizmi yo kitobingiz sotilmayaptimi?", deb ochiq savol beradi u.

Bloger shoirga qarshi "ayovsiz hujum"ni davom ettirib, unga "ishtoni yirtiqqa kulishdan oldin o‘zining kiyimi bor-yo‘qligi"ni tekshirib olishni maslahat qiladi.

"Yana “Jim turing” qo‘shig‘ida “Shovqinlanmang” so‘zlarida ularga bitta “N” harfi ortiqchalik qilibdi. Musiqaga tushirishga ijodda mavjud bo‘lgan qo‘llanish bu. Misollar serob! Yo sizning she'rlaringizda bunday misollar yo‘qmikan? Balki bu majlislarda siz ortiqchadirsiz!", deydi u.

Bloger bunday mayda va arzimas masalalarga yopishib olguncha, telekanallardagi jiddiy xatoliklarga (qo‘shiqchilarning ismlari xato yozib yuborilishi), xorij filmlarini noto‘g‘ri tarjima qilish muammosiga e'tibor qaratishni so‘ragan.

U tadbirlardan birida Botir Qodirovning "Vatan" qo‘shig‘i boshqa qo‘shiqchiga kuylatilganiga izoh berilishini so‘ragan.

Bloger shuningdek, vatanparvarlik tuyg‘usini majburlab singdirishga qarshiligini bildirib o‘tgan.

“Ota-ona haqida kuylash borasida ularning qadrini kim bilmayapti?” deysiz. Vatan qadrini barcha bilsa, vatan haqida ham kuylamaslik kerakmi? “Vatan! Vatan xaqida!” targ‘ibotlari kimdir vatanning qadrini bilmayotgani uchunmi? Rostida, go‘yoki yoshlarimiz vatanini sevmaydigandek darajada targ‘ibot qilyapsizlar. Kim o‘z vatanini sevmas ekan? Bu ota va onadek gapku! Uning muqaddasligi ham shu darajada shak-shubhasizku! Yo noto‘g‘rimi Mirzo? Ziddiyatlaringizni qarang!", deb yozadi bloger.

"Vatan va O‘zbekiston xaqida she'rlaru tom-tom kitoblar yozganingiz bilan harflar ortiga yashirinilmaydi. Qilingan ishlarga so‘z berilgani yaxshi. Shaxsiy fikrimcha, bunday narsalarni bot-bot qaytarib, balandparvoz gaplarni uvol qiladiganlar manfaat yoki qo‘rquvdan qiladi. Kompleks. Yoki nimadir qilsam, shu gaplarim va yozganlarim himoyalar degandek. Yurt xaqida shuncha balandparvoz she'rlar yozdim, deb istaganingizcha huda-behuda mantiqsiz tanqidlarini qilish sizga uyat!", deyiladi murojaatda.

Sayyod.som blogeri chegarada vatanni qo‘riqlayotgan bir askarni Iqbol Mirzoning butun boshli ijodidan ustun qo‘yishini ta'ikdlab o‘tgan.

"Umuman olganda, nafaqat Iqbol Mirzo balki shunday majlisda so‘zga chiqadiganlar, til va vatan haqida bong uraverish emas, amalda ko‘rsatish ustida ish qilsangizchi! Faqat gap, gap, gap! Natijachi? Nega ReALLIKKA ko‘chadigan narsalar ustida ishlamaysizlar? Bilganingiz 50 chog‘li odamni yig‘ib, ularga gapirish xolos! Sizlar aql o‘rgatishdan avval nima ish qilib, qoyillatdingiz? Nima g‘oyangiz bor va uni amalga oshirdingiz?", so‘zini davom etadi bloger.

U, shuningdek, "yaqqu yaq" kabi "ma'nosiz qo‘shimchalar" folklor sifatida baholanishiyu, bugun "paydo bo‘lgan" boshqa so‘zlarga o‘rin berilmasligiga tushuna olmayotganini bildirib o‘tgan va yana bir bor "maydalashmaslikka" chaqirgan.

"Umumiy olib aytganda, bu borada yana qaytaraman: biz san'at va shou-biznesni gapiryapmiz insonlar! Hokimiyat yoki maktab doirasidagi dasturlarni emas!

Darsni maktabdan olishsin. Yoki institut va maktablarda o‘qitish sifati shu qadar sayozmiki yoshlarimizning artistlardan saboq olishga kuni qolgan bo‘lsa? Oilalarda tarbiya yo‘qmidiki yoshlarni artistlar tarbiyalayotgan bo‘lsa?

Qo‘shiq bu ijod turi, xalq ijodiyotini bir yaxshilab tinglab chiqinglar, yuqorida aytganimdek, bugungi davrdan beshbattarlari bor. Asosiysi va muhimi u qo‘shiq salbiy g‘oya targ‘iboti bo‘lmasa kifoyaku? Nega harfigacha tanqid qilishga borasizlar? Boshqa muammo yo‘qmi?

Fonogramma orqali ijro etiladi” degan mantiqsiz yozuvni nega haligacha to‘g‘rilamaysizlar? Fonogramma va ijro so‘zlari bir-biriga zidku! Shunga aqli yetmaganlar yana majlis qilib qo‘shiqdagi harflarni tanqid qilsa?", deya kuyunadi muallif.

"Xullas, bu safargi "pensionerlar bunti"da ham doimgidek bir narsa-rejani to‘ldirmoq uchun tirnoq tagini emas, boshqa yoqlarni ham titish va yoki kavlab ko‘rish ishlaridek kechgan ko‘rinadi. “Tomsuvoq” to‘y bo‘lsaku shu Botir, Ziyoda va Munisalarni albatta chaqirasizlar (rasmgayam tushasizlar) konsertga chipta va va kamida efirda Botir chiqsa, tebranib eshitasizlaru keng ommaga mana bunaqa teatr qo‘yasizlar. Kulguli. Xuddiki to‘ylaringizda navoiyxonlik o‘tkazadigandek gapirasizlar.

Iqbol aka yoki davlat ishini qoyillatsinlar yoki she'riyatni tanlasinlar. Kimdir aytgandi: artistni siyosatga aralashtirma va artistni yuqori lavozimga qo‘yma deb. Maylida, siz artist emassizku to‘g‘rimi? Sizga tegib ketmas va shoirlarga lavozim mumkin bo‘lsa kerak. Qariganida harflarni to‘g‘rilab o‘tirish uchun", deya fikrlarini yakunlaydi Sardor Komilov.

Top