16:02 / 07.11.2015
5079

Favqulodda vaziyatlar vazirligiga yangi avariya-qutqaruv avtomobillari topshirildi

O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining Fuqaro muhofazasi institutida yangi avariya-qutqaruv avtomobillari va uskunalarini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi «O‘zA».

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash vazirliklari xodimlari, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, Toshkent shahar va viloyati hokimliklari mutaxassislari, jurnalistlar ishtirok etdi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi xizmatlari va bo‘linmalarini zamonaviy texnik vosita va uskunalar, shuningdek, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan avtomobil texnikasi bilan ta'minlash bu borada olib borilayotgan ishlarning muhim yo‘nalishlaridan biridir. Bu esa, o‘z navbatida, ularning faoliyati samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.

Shu munosabat bilan mamlakatda MAN va Isuzu avtomobillari shassisi negizida avariya-qutqaruv mashinalarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. 2011 yilda dastlabki shunday avtomobillar qutqaruv otryadlari ixtiyoriga berildi. O‘tgan vaqt mobaynida mazkur avtomobillar olis aholi punkti va tumanlarida havo harorati yuqori va past darajada bo‘lgan holatlarda ham ishlashga qodirligi va ishonchliligini namoyon etdi. Ayni paytda vazirlik xodimlari tomonidan foydalanilayotgan avtomobillarning 60 foizi O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan. Joriy yilda Xorazm, Samarqand va Buxoro viloyatlari, shuningdek, Toshkent shahar favqulodda vaziyatlar boshqarmalariga Isuzu avariya-qutqaruv mashinalari, «Qamchiq» qidiruv-qutqaruv otryadiga 50 tonna quvvatga ega MAN evakuatori topshirildi.

Tadbirda yangi uskunalar va ixtisoslashtirilgan avtotransport vositalarining imkoniyatlari namoyish qilindi.

Top