23:18 / 07.11.2015
4597

Singapurda tarixda birinchi marta Xitoy va Tayvan yetakchilari uchrashdilar

Singapurdagi “Shangri-La” mehmonxonasida Xitoy xalq respublikasi tashkil etilgandan va fuqarolik urushi tugagandan beri birinchi marta Xitoy va Tayvan yetakchilari Si Tszinpin va Ma Intszyu uchrashdilar, deb xabar berdi Reuters axborot agentligi.

Avvalroq Pekinda uchrashuvdagi muzokaralarning asosiy mavzusi “Tayvan bo‘g‘ozining ikki sohilidagi munosabatlarning tinchlik bilan rivojlanishiga ko‘maklashish” bo‘lishi ma'lum qilingandi. Shu bilan Xitoyda uchrashuv ikki tomon o‘rtasidagi siyosiy kelishmovchiliklar hal qilinmaguncha “yagona Xitoy” tamoyiliga muvofiq o‘tkazilishi ta'kidlab o‘tilgan.

Muzokaralar boshlanishidan bir necha kun avval Tayvan yetakchisi vakili uchrashuv natijalariga ko‘ra hech qanday hujjat imzolanmasligini, Tayvan prezidenti esa hech qanday rasmiy bayonot bermasligi aytilgan edi. Singapurdagi uchrashuv AQSh Davlat departamenti tomonidan ma'qullangan. Vashington mintaqada keskinlikni pasaytirishga ko‘mak beruvchi barcha qadamlarni ma'qullashini aytgan.

Xitoy va Tayvan o‘rtasidagi munosabatlar 1949 yilda Xitoy kompartiyasi kuchlari bilan fuqarolik urushida mag‘lub bo‘lgan Chan Kayshi boshchiligidagi Gomindan kuchlari Tayvanda qo‘nim topganlaridan keyin uzilib qolgan. 1980-yillar oxirida tomonlar ishbilarmonlik va norasmiy aloqalarni qayta tiklashgan.

Xitoy qonunchiligiga muvofiq, Tayvan Xitoyning bir viloyati hisoblanadi, biroq aslida 1949 yildan boshlab Xitoyga bo‘ysunmay keladi.

Top