00:29 / 08.11.2015
12541

Misrlik tergovchilar A321 samolyoti “qora qutilari”dan olingan dastlabki ma'lumotlar haqida ma'lumot berishdi

Misrda halokatga uchragan Rossiyaning yo‘lovchi samolyoti bort yozgichlari – “qora qutilari”dagi barcha ma'lumotlar muvaffaqiyatli chiqarib olindi. Mutaxassislar ularni o‘qishni boshlashgan, deb xabar berdi aviafalokat sabablarini tergov qilish bo‘yicha tuzilgan Misr komissiyasi rahbari Iymon al-Muqaddam. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar berdi.

Al-Muqaddamning aytishicha, yozuvlardan shu narsani bilish mumkinki, aviafalokatgacha samolyot avtopilotda uchayotgan bo‘lgan. Samolyot ko‘rsatkichlarini yozib oluvchi qora qutidagi ma'lumotlarni dastlabki o‘qish shuni ko‘rsatdiki, samolyot havoga ko‘tarilgandan to qulashigacha 23 daqiqa parvoz qilgan. Falokatgacha samolyot kerakli balandlikka erishib, soatiga taxminan 521 km tezlik bilan uchgan.

Al-Muqaddamning ta'kidlashicha, ikkinchi qora quti – uchuvchilar o‘rtasidagi o‘zaro suhbatni yozib oluvchi qurilma ham o‘qilishi boshlangan va uni to‘liq o‘qib chiqish uchun muayyan vaqt talab etiladi.

“Yozuvda oxirgi soniyalarda qandaydir shovqin borligi aniqlangan”, deb aytdi Al-Muqaddam. Uning aytishicha, bu shovqinning kelib chiqishi tabiati maxsus laboratoriyada spektral tahlil orqali o‘rnatiladi.

Al-Muqaddamning ta'kidlashicha, olingan ma'lumotlarni tahlil qilish kerak bo‘ladi va falokatning qaysidir bir versiyasida to‘xtashga hali erta.

Top