21:30 / 08.11.2015
9026

Shifokor uchun qimmatli sovg‘a

Sinfdoshim shifoxonada jarroh bo‘lib ishlaydi, bir necha xususiy klinikalarda amaliyot o‘taydi va davlat tuman shifoxonasida navbatchilik asosida ishlaydi. Bir kuni umumiy do‘stlarimiz davrasida ish haqida gap ochildi, keyin esa xizmatda olinga sovg‘alar to‘g‘risida gaplashdik.

Navbat mening sinfdoshimga yetib kelganida, u o‘z hikoyasini so‘zlab berdi.
O‘sha vaqtda do‘stimning yoshi 28 da edi. Davlat shifoxonasiga uning ko‘rigiga 6 yoshli qizchani olib kelishgan, u yiqilib tushgan va qo‘li qattiq shikastlangan edi. Tasvirni kuzatgach, darz ketish, sinishlar yo‘qligiga amin bo‘ldi. Biroq qizaloqda tug‘ma kift defekti mavjud bo‘lgan: kift deyarli harakatlanmaydi va bir oz egilgan ko‘rinishda bo‘lib, barmoqlarni biroz qimirlatar edi. Ota-onaning aytishicha, shifokorlar operatsiya qildirishni taklif etishgan, biroq natija uchun kafolat berilmagan, ularda operatsiyani o‘tkazish uchun ham katta miqdordagi mablag‘ yo‘q edi.

Do‘stim o‘sha vaqtda yosh jarroh edi, bu holat unga qiziq ko‘ringan, ko‘z oldiga operatsiyani qanday qilib o‘tkazish, qanday ko‘rinishda yig‘ish namoyon bo‘ldi. U qizchaning ota-onasiga barcha tekshiruvlardan o‘tib, uning oldiga xususiy klinikaga kelishni aytgan.

Boshqa shifokorlar bilan o‘tkazilgan bir necha tekshiruv va maslahatlardan so‘ng, jarroh do‘stim qizaloqqa yordam bera olishiga ishonch xosil qilgach, klinikaning direktori bilan kelishib oldi. Bemor qizaloqning ota-onasini chaqirib, operatsiyani bepul amalga oshirishi, keyin esa ramziy to‘lov evaziga boshqa klinikada fizioterapiyani amalga oshirishlarini aytgan.

Qizchaning ota-onasi ikkilanishar edi va ahvol bundan-da og‘irlashishidan havotirlanib, jarroh qanday kafolat bera olishini tinmay so‘rardilar.

- Men sizga to‘g‘risini aytaman, - dedi sinfdoshim, - qizingiz hech qachon pianinochi yoki tennischi bo‘la olmaydi, biroq qo‘li to‘g‘ri bo‘ladi va u qo‘lini normal holatda ushlab, harakatlantirishi, yozishi mumkin.
Shunda qizaloq:
- Doktor, men rasm chiza olamanmi? Judayam rasm chizgim kelyapti.
Ona qizini quchoqlagancha xo‘ngrab yubordi, ota esa ko‘zini yerga qadab, shifokorga bosh silkidi.
- Bir yil o‘tgach esa, - deya hikoya qildi sinfdoshim, - hayotimda men uchun eng qimmatli bo‘lgan sovg‘a oldim. Ishxonamga o‘sha qizaloq ota-onasi bilan tashrif buyurishdi va u men uchun o‘zi chizgan rasmni sovg‘a qildi.

U bizga telefonidagi bolakay tomonidan chizilgan rasmni ko‘rsatdi: ulkan rang-barang gul, bunaqasi biologlar tomonidan hali kashf etilmagan, tasvirning tagida esa bola xatida bosma harflar bilan “Doktor, rahmat!” deb yozilgan edi.

Bu hikoyani bejiz keltirmadik. Bugun yurtimizda sharafli kasblardan sanalgan shifokorlar kuni nishonlanmoqda. Fursatdan foydalanib, ushbu kasb egalarini bayramlari bilan muborakbod etamiz, ularga yurtimiz aholisining sog‘ligini asrash, bemorlarning sog‘ayishlari yo‘lida olib borayotgan faoliyatlarida ulkan zafarlar tilaymiz. Baxtimizga doimo sog‘-omon bo‘ling g‘amxo‘r va jonkuyar shifokorlar!

Top