19:35 / 09.11.2015
5927

“O‘zneftmahsulot” AK Toshkentda benzin taqchilligi mavjud emasligini yana bir bor ma'lum qildi

Toshkent shahrida avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalari oldida kuzatilayotgan navbatlar, poytaxtimizda benzin taqchilligi yuzaga kelgani to‘g‘risidagi xabarlar qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘layotgan bir vaqtda “O‘zneftmahsulot” AK Toshkentda benzin taqchilligi mavjud emasligini yana bir bor ma'lum qildi.

Shu munosabat bilan iste'molchilarga murojaat qilgan kompaniya rahbariyati Toshkent shahri va joylarda sayyor guruhlar tuzilib, ular kechayu-kunduz nazorat va tahlil ishlari olib borishayotganini ma'lum qildi. Kompaniya tahlillariga ko‘ra, “bunday holatga ayrim shov-shuv ishqibozlarilarining “Yonilg‘i ishlab chiqarish kamayib ketganligi sababli, avtobenzin taqchilligi yuzaga kelib, uning narxi oshib ketar ekan”, “Bozorga chiqariladigan avtobenzinning limiti tugapti” – degan uydirmalariga ishongan ba'zi hamyurtlarimizning avtobenzinni mumkin qadar ko‘proq zaxira qilib olishga harakat qilayotganligi va mazkur vaziyatdan foydalanish ilinjida bo‘lgan nopok kimsalarning chayqovchilik yo‘liga o‘tayotganligi ham sabab bo‘lmoqda”.

“O‘zneftmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi Sizlarni to‘liq ishontirib ta'kidlaydiki, mamlakatimizda avtobenzin va boshqa YoMMlar ta'minoti bo‘yicha muammo yo‘q, bo‘lmaydi ham. Chunki, Respublikamizda jahon standartlariga javob beradigan barcha yonilg‘i-moylash mahsulotlari yetarli miqdorda ishlab chiqarilmoqda. Neft xomashyosi nafaqat mamlakatimiz ichki ehtiyojini qondirish uchun, balki muayyan miqdordagi yonilg‘i-moylash mahsulotlarini eksport qilish uchun ham yetarli miqdorda qazib chiqarilib, qayta ishlanmoqda”, - deyiladi xabarda.

Kompaniya rahbariyatining xuddi shu matnni o‘z ichiga olgan avvalgi murojaati (http://www.unm.uz/press-center/news/326-45)ga qo‘shimcha ravishda, haydovchilardan avtomobiliga yonilg‘i quyish jarayonida yon-atrofdagi iste'molchilar, shuningdek, yonilg‘i quyuvchilarning nopok harakatlari hamda tashmachilik va chayqovchilik ilinjida amalga oshirilayotgan xatti-harakatlarni sezgudek bo‘lsa o‘sha joydagi kompaniya vakillariga, nazorat organlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O‘zdavneftgazinspeksiya”ning ((0371) 268-04-50) va kompaniyaning ((0371) 231-14-21) ishonch telefonlariga ma'lum qilishini so‘ragan.
“Sizlarni yana bir bor yonilg‘i ta'minotida uzilish bo‘lmasligiga ishontiramiz va Sizlardan turli shov-shuvlarga inonmaslikni va ogoh bo‘lishni so‘raymiz”, deya murojaatga yakun yasaladi.

Top