12:08 / 09.11.2015
3418

A321 bortida qo‘poruvchilik ro‘y bergani laboratoriya ekspertizasi yordamida aniqlashtiriladi

Misrda halokatga uchragan Rossiyaning Airbus A321 samolyoti bo‘laklari dastlabki tekshiruv natijalari hamda “qora quti”dagi yozuvlar va boshqa parametrlar aviafalokat sabablarini oydinlashtirishga yordam bermadi.

Bu haqda “Kommersant'” gazetasi layner qulashini tadqiq qilish jarayonlaridan boxabar axborot manbasiga asoslangan holda xabar qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, samolyot bortidagi qo‘poruvchilik harakatiga oid taxmin ekspertiza yordamida aniqlashtiriladi.
Nashr manbasi laboratoriyaga “qora quti”dagi suhbatlar, samolyot parchalari, shuningdek, halok bo‘lganlarning jasadlaridan parchalar yuborilishini tasdiqladi.

Shu bilan birga, to‘qima va metall parchalarida portlovchi moddalar mavjudligini o‘ta aniqlikda ko‘rsatuvchi spektral tahlillar olib boriladi. Layner bo‘laklari ustida o‘tkazilgan tekshiruvlar portlovchi moddaning turi va miqdorini aniqlashga imkon beradi.

Eslatib o‘tamiz, 2015 yilning 31 oktabr kuni Rossiyaning "Kogalimavia" aviakompaniyasiga tegishli Airbus-321 layneri parvozga ko‘tarilgandan 23 daqiqa o‘tib halokatga uchragan edi. Mazkur samolyot bortidagi 217 nafar yo‘lovchi va yetti nafar ekipaj a'zosining barchasi halok bo‘ldi.

Top