12:54 / 09.11.2015
3924

Aziz Haydarov KXDRga qarshi o‘yin haqida: Asosiysi qasos olish emas, g‘alaba qozonish

O‘zbekiston milliy terma jamoasi yarim himoyachisi Aziz Haydarov O‘zbekiston futbol Federatsiyasi matbuot xizmatiga bergan intervyusida 12 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan KXDRga qarshi o‘yin borasidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

“Milliy terma jamoaga yig‘inga kim qanday kayfiyatda kelganidan qat'iy nazar ungacha bo‘lgan barcha narsani unutamiz va faqat bo‘lajak o‘yin haqida o‘ylaymiz”, — deya so‘z boshladi 30 yoshli yarim himoyachi.

“O‘ylashimcha, yigitlar yaxshi sport formasida. Jamoadagi ko‘pchilik uchun mavsum nihoyalab borayotgani va ularning jismoniy ko‘rsatkichlari biroz pasayganini hisobga olgan holda murabbiylar shtabi ish olib boryapti. O‘yingacha hamma tayyor holatga keladi, deb o‘ylayman. Undan tashqari futbolchilar bilan psixologik tayyorgarlik ishlari yo‘lga qo‘yilgan. Chunki oldinda juda muhim o‘yin kutmoqda. Bu o‘yinning qanchalik ahamiyatga ega ekanini jamoadagi barcha yaxshi tushunib turibdi. Bo‘lajak o‘yinlarni o‘z foydamizga hal qilish uchun butun diqqat e'tiborimizni ularga qaratishimiz kerak. Hech kimda futboldan tashqari hech qanday ortiqcha xayollar, o‘y-fikrlar bo‘lmasligi lozim”, — deya so‘zida davom etdi milliy terma jamoa safida 71 marta maydonga tushgan futbolchi.

“Dastlabki o‘yinda bir qancha kutilmagan holatlarga duch keldik. Birinchi navbatda bu — maydon. Chunki sun'iy qoplamali maydonda o‘ynashini bilganidan keyin futbolchilarning ishtiyoqiga bu narsa salbiy ta'sir o‘tkazmay qolmaydi. Ikkinchidan ular o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida, ularning qo‘llab-quvvatlashlaridan qo‘shimcha kuch olgan holda o‘ynashdi”, deydi jahon chempionati ikkinchi saralash bosqichi doirasidagi dastlabki o‘yinda KXDR maydonida uchralgan mag‘lubiyat haqida eslar ekan Aziz Haydarov.

Javob uchrashuvida esa u O‘zbekiston uch ochkoni qo‘lga kirita olishi va muxlislar ishonchini oqlashiga ishonch bildirdi.

“Bu safar esa endi biz o‘z muxlislarimiz qarshisida o‘ynaymiz. Bu o‘yinda maydonga raqibdan avvalgi mag‘lubiyat uchun o‘ch olish uchun emas, balki, raqib jamoasini mag‘lub etib, o‘zimizga juda kerakli uch ochkoni qo‘lga kiritish uchun tushamiz. Ortiqcha ehtirosga berilib emas, aql bilan o‘yin ko‘rsatamiz. Muxlislarimiz bizga ishonishadi. O‘ylaymanki, muxlislar oldida yuzimiz yorug‘ bo‘ladi va o‘yinni g‘alaba bilan yakunlaymiz”, deydi u.

Top