14:43 / 09.11.2015
4447

Brayan Treysining Toshkentdagi seminaridan 5 asosiy xulosa

7 noyabr kuni Toshkentda uzoq nihoyat kutilgan voqea bo‘lib o‘tdi. Amerikalik taniqli biznes murabbiyi, notiq va motivator Brayan Treysi “Turkiston” san'at saroyida bir kunlik seminar o‘tkazdi.

Seminarda ishtirok etgan 800 kishi Treysining bebaho maslahatlarini bevosita tinglashga muvaffaq bo‘ldi. Ammo ular hammaga asqatishi mumkin deb o‘ylaymiz. Seminar mazmunini to‘laligicha bayon etish imkoniyati bo‘lmasa ham, o‘quvchilarimizga nafi tegishi mumkin bo‘lgan 5ta asosiy fikrni keltirishni joiz topdik.

1. Moddiy yoki boshqa turdagi foydaning 80 foizini sizga kun davomida bajarilgan ishlarning 20 foizi keltiradi.

Kuni bilan juda ko‘plab ish-amallarni bajaramiz. Uydagi, xizmatdagi vazifalarimizdan tashqari, har kuni tanish-bilishlar, hamkasblar, do‘stlar, qarindoshlar bilan qo‘ng‘iroqlashishga, suhbatlashishga; gazeta yoki kitob o‘qishga; bozor yoki do‘konga kirishga; ovqatlanishga va boshqa juda ko‘plab ishlarga ulguramiz. Ularning barini 100 foiz deb hisoblasak, faqat 20 foizi ko‘rayotgan daromadingizning yoxud siz olayotgan boshqa turdagi foydaning (bilim oshirilishi, mansab o‘sishi va h.k.) 80 foizini keltiradi. Treysi mana shu 20 foiz ishga asosiy e'tibor qaratib, qolganlaridan imkon qadar qutulib borishni tavsiya qiladi. Ish soatlarida hamkasblaringiz bilan gap sotishingiz ishingiz unumdorligiga xizmat qilmaydi, uyda esa televizor ko‘rishingiz ko‘pincha vaqtingizni bekorga yo‘qotishdir.

2. Ko‘nikmalaringizni tahlildan o‘tkazib, 3ta asosiysini tanlab oling.

Ishxonangizda nimalar bilan shug‘ullanishga to‘g‘ri kelmaydi deysiz? Mijozlar bilan ishlash, safarlarda yurish, xat yo‘llash va qabul qilish, tadbir va majlislarda ishtirok etish, hisobot va rejalar tayyorlash (haftalik, oylik, choraklik yillik)... Aslida esa bu ishlarning katta qismi sizga ham, ishingiz unumiga ham hech qanday ta'sir o‘tkazmaydi. Bajaradigan barcha vazifalaringiz ro‘yxatini tuzing, eng asosiy uchtasini ajratib oling; rahbarning oldiga kirib, mana shu ishlarga asosiy urg‘u berishingizni, qolganlarini esa boshqalar bajarishi lozimligini ayting. Mana shunda ish unumdorligi qisqa muddatda 2 hissa ortadi.

3. Har haftaning 10 soatini o‘zingizga investitsiya qiling, ya'ni kitob o‘qing, bilim va ko‘nikmalaringizni oshiring.

10 soat bir qarashda juda ko‘p tuyulishi mumkin. Lekin bir kunda 24 soat bor; bir haftada esa 168 soat. 10 soat bir haftaning atigi 5.95 foizini tashkil qiladi. Haftaning kamida 33.33 foizini (56 soat) uyquga sarflar ekanmiz, nahotki undan 5.6 barobar kam vaqtda kitob o‘qiy olmasak?

4. Daromadingizning bir qismini tejab boring.

Maoshingizni taqsimlab chiqib, bir oylik xarajatingiz qancha bo‘lishini aniqlang. Barcha xarajatlarga yetadigan pulni maoshingizdan ajratib, undan 10 foiz orttirishga harakat qiling. Agar ortmasa, biror-bir xarajatingizni qisqartiring. Maosh ustiga oladigan qo‘shimcha daromadning (mukofot puli, qo‘shimcha daromad, ikkinchi ish joyi va h.k.) 50 foizini mana shu “kelajak fondi”ga tiking, axir usiz ham, maoshga yashashni o‘rgandingiz! “Toma-toma ko‘l bo‘lur” deganidek, bu pullar kelajakda biror ish boshlashingiz uchun sarmoya bo‘lib xizmat qiladi.

Bundan tashqari, daromadingizning qirqdan birini (2.5 foiz) xayriya ishlari uchun ajrating va u sizga 10 barobar bo‘lib qaytadi.

5. Aniq maqsad va rejaga ega bo‘ling.

Aniqlik – muvaffaqiyatning egizagi. Yaqin kelajakda nima istashingizni, qanday hayot kechirishingizni aniq belgilab oling. “Boy bo‘lmoqchiman”, “Baxtli bo‘lmoqchiman” ketmaydi, necha pul kerakligini, necha gektar yerdagi necha qavatli uyda yashashingiz, qanday rusumdagi va rangdagi mashinada yurishingiz, qayerda va qanday lavozimda ishlashingizni aniq belgilang, ko‘z oldingizga keltiring, qog‘ozga tushiring. Bu ishni amalga oshirish uchun nimalar qilishingiz kerakligini yaxshilab o‘ylab ko‘ring va shu asosda reja tuzing.

Maqsadlaringiz amalga oshishi uchun har yili qanday natijaga erishishingiz kerakligi aks etgan 10 yillik jadval tuzing. Yillarni choraklarga va oylarga bo‘lib chiqing; oylarni haftalarga, haftalarni kunlarga bo‘ling. So‘ng har kuni bitta qadam tashlang. Qimirlang, tek turmang, biror nima qiling. Har kuni bir bet matn yozsangiz, bir yilda 365 betli kitob tayyor bo‘ladi! Har kuni bitta so‘z o‘rgansangiz, bir yilda bitta yangi tilni o‘zlashtirasiz!

Muallif: Eldor Asanov

Top