18:52 / 09.11.2015
2522

Britaniya terrorizmga qarshi kurash uchun maxsus xizmatlar xodimlari sonini oshirmoqchi

Britaniya moliya kansleri Jorj Osborn mamlakatda maxsus xizmatlar xodimlari sonining sezilarli darajada oshirilishini ma'lum qildi, deya xabar bermoqda Reuters agentligi.

“Tasdiqlashim mumkinki, kelgusi besh yillikda biz terroristik suiqasdlarni ta'qib, tahlil va bartaraf qiluvchi barcha razvedka xizmatlari xodimlari sonini jiddiy ravishda oshiramiz”, - dedi Osborn. Uning qo‘shimcha qilishicha, barcha batafsil ma'lumotlar 23 noyabr kuni Britaniya bosh vaziri Devid Kemeron tomonidan ma'lum qilinadi.
Yaqinda hukumatga maxsus xizmatlarga yangi imkoniyatlar, jumladan, internet-foydalanuvchilari tashrif buyuradigan veb-sahifalarni kuzatish huquqini taqdim etadigan qonun loyihasi taqdim etilgan edi.

“Urush, josuslik va terrorizmning xususiyatlari o‘zgarmoqda, biz ham ular qatori o‘zgarishimiz lozim. Zamonaviy hayotning ajralmas qismiga aylangan internet dushmanlarga har doim bizga qarshi yangi harakat choralarini taqdim etadi. Shu bois biz terroristlar va esktremistik g‘oyalardan yuzaga kelayotgan tahdidlarga qarshi yuzma-yuz chiqishimiz shart”, - dedi Osborn.

Kantsler so‘zlariga ko‘ra, Sinayda Rossiya yo‘lovchi samolyoti bilan sodir bo‘lgan fojia shu kabi choralarni zudlik bilan qabul qilish haqida og‘riqli tarzda ogohlantiradi.

Top