09:54 / 09.11.2015
2511

Britaniya TIV: Bizni Yevrokengashdagi “pardoz” o‘zgarishlari qoniqtirmaydi

Britaniya bosh vaziri Yevrokengash raisiga mamlakatlarning YeKga a'zo bo‘lishi to‘g‘risidagi shartnomaga o‘zgartishlar kiritilishi borasidagi talablar bitilgan maktubni jo‘natdi.

Britaniya Tashqi ishlar vaziri Filip Xammondning ma'lum qilishicha, Yevrokengash faoliyatiga kiritilayotgan o‘zgarishlar Britaniya fuqarolarini qoniqtirmaydi.
“Bu yerda gap Yevrokengash amalga oshirmoqchi bo‘layotgan fundamental o‘zgarishlar to‘g‘risida ketmoqda”, - dedi Xammond VVS telekanaliga bergan intervyusida.

Avvalroq 10 noyabr kuni Britaniya bosh vaziri Devid Kemeron Yevropa kengashi raisi Donald Tuskka Britaniyaning YeKga talablari bitilgan maktub yuborishi haqida xabar qilingan edi. Kemeronning aytishicha, avval Britaniyaning YeKdagi a'zoligi to‘g‘risidagi shartnomaga o‘zgartishlar kiritishga erishiladi, so‘ngra mamlakatning kengashdagi ishtiroki masalasi bo‘yicha referendum o‘tkaziladi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Yevropa kengashi faoliyatiga o‘zgartishlar kiritish masalasi Ikkinchi jahon urushidan so‘ng ilk bor kuzatilayotgan misli ko‘rilmagan darajadagi muhojirlar oqimining Yevropa mamlakatlariga kirib kelayotgani bilan chambarchas bog‘liq. Qochqinlar masalasida Yevrokengash qabul qilayotgan qaror, tabiiyki Britaniyaga unchalik ham ma'qul kelmayapti.

Bosh vazir Kemeronning Donald Tuskka yuborgan maktubida ham Britaniya muhojirlar uchun ijtimoiy nafaqa berishni to‘rt yil muddatga taqiqlashni asosiy talablardan biri sifatida kiritgan. Shuningdek, YeKning alohida a'zolariga katta imtiyozlar berish hamda mamlakatga Yevrokengash talablarini bajarmaslik huquqi berilishi ham aytib o‘tilgan.

Top